Fargʻonada yiliga 2 ming tonnadan ziyod asal ishlab chiqarilmoqda
Foto: «Халқ сўзи»
Asalarichilik tarmogʻini rivojlantirishda Fargʻona viloyatida intensiv texnologiyalardan unumli foydalanilmoqda. Natijada viloyatda bugungi kunda asalarichilik subyektlari soni 2000 tandan ortib, 130 ming donadan ziyod qutida asalari oilasi parvarishlanayotir. Viloyatda yiliga 2 ming tonnadan ortiq asal mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Xorijga eksport qilinayotgan asalari oilasi yiliga 70 ming donani tashkil etadi.
Fargʻona viloyati asalarichilar uyushmasi ishlab chiqarish oʻquv markazida oʻtkazilgan asalarichilikni rivojlantirish istiqbollariga bagʻishlangan respublika oʻquv-seminarida bu haqda batafsil fikr bildirildi.
Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hokimlarining oʻrinbosarlari, tuman hokimlari, paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari rahbarlari hamda tegishli soha mutaxassislari ishtirok etdi.
— Yuzma-yuz uchrashuvda yurtimizda asalarichilikni yanada rivojlantirish, sohadagi ilgʻor tajribalarni keng ommalashtirish hamda imkoniyatlardan samarali foydalanish boʻyicha oʻzaro fikr almashildi, — deydi fargʻonalik tajribali asalarichi Sherali Suyarqulov. — Shuningdek, asal mahsulotlari ishlab chiqarishning texnologik jarayonlarini tizimli tashkil etish, ozuqa bazasini mustahkamlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda sohaga ilm-fan yutuqlari, innovatsion gʻoyalarni keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Oʻz navbatida seminar qatnashchilari viloyat asalarichilar uyushmasi tasarrufidagi ishlab chiqarish oʻquv markazida yaratilgan sharoitlar, asalari uyalari ishlab chiqarish uchun yogʻoch va zarur materiallar, asal yetishtirish va uni qayta ishlash hajmlarini koʻpaytirish, asalari kasalliklari va zararkunandalariga qarshi qoʻllaniladigan veterinariya dori vositalari bilan tanishishdi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring