Fargʻonada Germaniya tajribasi asosida sanoat tarmoqlari uchun malakali mutaxassislar tayyorlanadi
Foto: Xalq so‘zi
Shu kunlarda Germaniya trikotaj ishlab chiqaruvchilar konfederatsiyasi (Gesamtmasche) hamda “Sequa” xalqaro hamkorlikni rivojlantirish tashkiloti vakillari Fargʻona viloyatida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish maqsadida uchrashuvlar oʻtkazmoqda.
Fargʻona viloyati hokimligi qabullar uyida boʻlib oʻtgan uchrashuvda bu borada qator tashabbuslar ilgari surildi. Viloyatda qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etish orqali zamonaviy texnologiyalar yordamida ishlovchi mutaxassislar tayyorlash loyihasi ulardan biridir.

Taʼkidlash oʻrinliki, bugungi kunda mamlakatimiz sanoat tarmogʻi jadal rivojlanyapti. Ayni jarayonda mehnat bozorida raqobatbardosh oʻrta boʻgʻin mutaxassislari tayyorlash hamda malakasini oshirishga katta ehtiyoj bor.
Fargʻona viloyati hokimi bilan suhbatda Germaniya trikotaj ishlab chiqaruvchilar konfederatsiyasi bosh menejeri Silvia Jangbauyer 2022-yili oktyabr oyida viloyatga tashrifi davomida tekstil sohasida hamkorlikda ishlab chiqilgan loyiha yanada takomillashtirilganini taʼkidladi. Bu loyiha Oʻzbekistonda birinchi boʻlib Fargʻonada amalga oshirilishi uchun zarur tayyorgarlik ishlari olib borilganini maʼlum qildi.
Uchrashuvda Qoʻshtepa tumanida joylashgan “Oqtepa” kichik sanoat zonasidagi “Global Tekctayl infiniti” korxonasida tashkil etilgan Muxandislik maktabi bilan ham oʻzaro hamkorlikda ishlash taklifi maʼqullandi.
Shuningdek, viloyatdagi sanoat sohasi vakillari bilan boʻlib oʻtayotgan muloqotlar davomida Fargʻonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Germaniya va Yevropa davlatlariga eksport qilishga koʻmaklashish borasida muzokaralar olib borilmoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring