Fargʻonada energiya tejamkor isitish qozonlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi
Foto: Xalq soʻzi
Yosh tadbirkor Ahmadjon Maʼmurov Fargʻona shahrining Kimyogarlar mahallasi hududidagi Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasida ish boshlaganiga uncha koʻp boʻlgani yoʻq. Lekin tinib-tinchimas tadbirkor qisqa vaqt ichida oʻzi rahbarlik qilayotgan “Teplo Ideal” MCHJda viloyatdagi ijtimoiy soha obyektlari, tadbirkorlik subyektlari hamda aholi xonadonlari uchun energiya tejamkor isitish qozonlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi.

Bu yerda yiliga 750 ta koʻmir yoqilgʻisida ishlaydigan energiya tejamkor isitish qozonlari ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Aytish joizki, davlatimiz rahbarining ijtimoiy soha obyektlari isitish tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish haqidagi qaroriga asosan viloyatda olib borilayotgan keng koʻlamli saʼy-harakatlarga yosh tadbirkor ham munosib hissa qoʻshmoqda.

— Korxonamiz sexlariga umumiy qiymati 12,5 milliard soʻmlik loyiha doirasida Xitoydan eng soʻnggi rusumdagi texnologiyalar olib kelib oʻrnatildi, — deydi tadbirkor Adhamjon Maʼmurov. — Natijada oʻndan ziyod mahalliy yoshlar doimiy ish oʻrni bilan taʼminlandi.
Yaqin istiqbolda viloyatda 6 mingdan ortiq, joriy yilning oʻzida 2455 ta ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlari davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilinadi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring