Fargʻonada DXM filiallari 9 taga yetdi

10:36 13 Noyabr 2020 Jamiyat
942 0

Bugun xalq manfaatini taʼminlashga qaratilgan islohotlar mamlakatimizning yangi qiyofasini shakllantirishga xizmat qilayotir.

Fuqarolarimizning davlatga ishonchi ortib, yashashga ishtiyoqi yuksalmoqda. “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun”, degan tamoyilni amalga oshirish orqali yangi renessans davriga qadam qoʻyyapmiz. Odamlarni rozi qilish uchun birinchi galdagi vazifa - munosib turmush sharoiti yaratish, ehtiyojlarini taʼminlash, davlat va jamiyatga ishonchini mustahkamlashdan iborat boʻlib borayotir.

Bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlari xalq va davlat idoralari oʻrtasida mustahkam koʻprik vazifasini bajarishga kirishdi. Endilikda fuqarolarimizga qulaylik yaratish maqsadida markazdan olis hududlarda filiallar tashkillanmoqda. Fuqarolarning uzogʻini yaqin qilish maqsadida xalq ixtiyoriga topshirilayotgan filiallar soni kundan kunga ortib borayotgani ayni haqiqat.

Jumladan, Uchkoʻprik tuman markazidan 33 kilometr uzoqlikda joylashgan “Oqsuv” mahallasida ham Davlat xizmatlari markazining filiali ish boshladi. Ushbu filial Uchkoʻprik tumanidagi Sariqoʻrgʻon, Yangiyer, Qurbonqashqar, Tojik, Oqsuv mahalla fuqarolar yigʻinlarida istiqomat qiluvchi 6 ming 500 ta xonadondagi 30 mingdan ortiq aholi uchun xizmat koʻrsatadi.

— Davlat xizmatlari markazi xodimlari bilan doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz, markaz xodimlari imkoniyati cheklangan mahalladoshlarimizga xizmat koʻrsatish uchun tez-tez kelib, sayyor xizmat koʻrsatib ketishadi, - deydi mahalla faoli Abdusalom Abdulxaqov — Endi xizmatlardan foydalanishimiz yana-da osonlashdi. Mahallamizning oʻzida Davlat xizmatlari markazining filiali ochildi. Yaqin-atrofdagi 32 mingdan ziyod tumandoshlarimizning yumushlari shu yerning oʻzida bitadigan boʻldi.

Tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan mahalliy hokimlik mutasaddilari, qishloq ahli va keng jamoatchilik vakillari filialda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Buvayda tumani Davlat xizmatlari markazining “Buvayda” filiali markazdan 15 km uzoqlikda joylashgan. “Buvayda” filiali Yangiqadam, Yangihayot, Arab, Bostonbuva, Alqor, Turk, Urganji, Jilva, Beshterak, Xoʻjaobod, Shodlik, Buvayda, Elobod, Ozod, Qilovtepa, Bumozor, Yangiqishloq, Togʻliq kabi jami 19 ta qishloqda yashovchi 40 mingga yaqin fuqarolarga xizmat qiladi.

— Yoshim yetmishga yaqinlashgan boʻlsa, oddiy odamlar uchun yaratilayotgan bu kabi sharoitlarga endi guvoh boʻlyapman, -deydi mehnat faxriysi Ahmatqul ota Boboyev. -Yaratganga shukr, bir parcha qogʻoz uchun kunni kech qiladigan zamonlar oʻtdi. Shundoqqina mahallamiz markaziga kiramizda, istalgan xizmat turidan foydalanamiz.

Filiallarda barcha qulayliklar mavjud. Zamonaviy jihozlangan, keng va yorugʻ xizmat xonasi, xushmuomala va samimiy markaz xodimi xalqimiz xizmatiga kamarbasta.

Davlat xizmatlari markazlarining joylarda tashkil etilayotgan filiallari yuksak maqsadlar sari odimlayotgan Yangi Oʻzbekistonga xos va mos tarzda faoliyat koʻrsatadi. Xalqimizning yuksak ishonchi, ezgu orzu va umidlari ana shu moʻjaz binoda oʻz ifodasini topadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер