Fargʻonada 800 nafar oʻgʻil-qizga “Prezident sovgʻasi” topshiriladi
Foto: Xalq so‘zi
Avval xabar qilinganidek, yurtimizda Yangi yil bayrami munosabati bilan 10 ming nafarga yaqin bolaga “Prezident sovgʻasi” taqdim etish rejalashtirilmoqda.
Xuddi shunday, bu yil Fargʻona viloyati boʻyicha 3 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan 800 nafar oʻgʻil-qizga moʻljallangan “Prezident sovgʻasi”dan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bolalarga yoʻllagan bayram tabrigi, 14 turdagi shirinliklar, 3 turdagi oʻquv qurollari, termos va shaxmat toʻplami oʻrin olgan.

Shuningdek, joriy yilda mazkur sovgʻa tarkibiga oilaviy bolalar uylari, SOS bolalar mahallalari hamda “Mehrli maktab”ning 12 yoshdan katta boʻlgan tarbiyalanuvchilari uchun zamonaviy elektron kitoblar ham kiritilgan.
— Har yili bolajonlar intiqlik bilan kutadigan “Prezident sovgʻasi” 29-dekabr kuni viloyat Teatr-konsert saroyida boʻlib oʻtadigan tantanali bayram tadbirida oʻz egalariga topshiriladi, — deydi Fargʻona viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi mutaxassisi Ahror Eshmatov. — Bayramning unutilmas taassurotlarga boy oʻtishi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qilgan holda qizgʻin tayyorgarlik ishlarini olib bormoqdamiz.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring