Fargʻonada 263 ta xonadonda zamonaviy sharoitlar yaratishga 14,5 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilmoqda

09:57 18 Mart 2026 Jamiyat
221 0

Koʻmakka muhtojga begʻaraz yordam qoʻlini choʻzish xalqimizning eng ezgu fazilatlari sirasiga kiradi. Ayniqsa, bugungidek qutlugʻ va fayzli kunlarda bunday savobli amallar yanada keng quloch yozishi hech kimga sir emas.

Prezidentimizning 2026-yil 5-fevral kungi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish oʻrinlarini yaratish hamda kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash ga qaratilgan muhim chora-tadbirlar rejasi belgilandi.

Ayni paytda Fargʻona viloyatida ham bu borada amaliy saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Bu xonadonlarda energiya tejamkor texnologiyalar oʻrnatish ana shu jarayondagi ustuvor vazifalar sirasiga kiritilgan.

Xususan, qaror ijrosini taʼminlash maqsadida “mahalla yettiligi” xulosasi asosida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan II guruh nogironligi boʻlgan va mehnatga layoqatli aʼzosi boʻlmagan oilalar xonadonlarida “yashil” taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi. Shu tariqa mazkur toifadagi oilalar yashaydigan xonadonlarning devor va tom qismlarini izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshiklar, shuningdek, quyosh panellari yoki geliokollektorlar oʻrnatiladi.

Fargʻona viloyatida 263 ta xonadonda “yashil” taʼmirlash ishlarini olib borish rejalashtirilgan boʻlib, buning uchun qariyb 14,5 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi koʻzda tutilmoqda. Taʼmirlanishi belgilangan xonadonlarning 215 tasi hovli uylari hamda 48 tasi esa koʻp qavatli uylardagi xonadonlar hisoblanadi.

Bahodir Tursunboyev Fargʻona shahridagi “Joʻydam” mahallasida yashaydi, II guruh nogironligi mavjud. U yashab turgan uy-joy qurilganiga salkam 50-yil boʻldi, hozir anchayin taʼmirtalab ahvolga tushib qolgan. Tomdan chakki, pol qismidan zax oʻtadi, devorlar esa nurashni boshlagan. Tabiiyki, uy egasining nogironlik nafaqasi kuz-qish mavsumida uyni isitishga arang yetadi.

— Davlatimiz rahbarining qarori nafaqat xonadonimiz, shu bilan birga qalbimizga ham yorugʻlik olib kirmoqda, — deydi Bahodir Tursunboyev. — Uyimizga energiya tejamkor qurilmalar oʻrnatilishini eshitib, juda ham mamnun boʻlmoqdamiz. Bu kabi zamonaviy sharoitlar bundan buyon xotirjam yashashimizni taʼminlaydi.

Taʼkidlash joizki, hozirda viloyatdagi mahallalar kesimda ezgu tashabbus ijobatini taʼminlash maqsadida alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda. Bu belgilangan har bir yumushni oʻz vaqtida va sifatli bajarish imkonini beradi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер