Fargʻonada 2026-yilga qadar ichki yoʻllarni taʼmirlash toʻliq yakunlanadi
Foto: Xalq so‘zi
Prezidentimizning 2022-yil 18-mart kuni qabul qilingan “2022-2026-yillarda «Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga koʻra, oʻtgan yili Fargʻona viloyatidagi 261 ta MFY hududida ichki yoʻllarni taʼmirlash ishlari olib borildi.
Xususan, 85 km sement-beton, 218 km asfalt qoplamali yoʻllar qurish va 228 km yoʻllarni shagʻallashtirish ishlari amalga oshirildi. Shu tariqa 2022-yil uchun rejalashtirilgan 531 km ichki yoʻllar toʻliq taʼmirlanib, buning uchun davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 167,6 milliard soʻm mablagʻ sarflandi. Taʼmirlash ishlari toʻliq “Shaffof” platformasi orqali gʻolib boʻlgan pudratchi tashkilotlar tomonidan bajarildi.
— Davlatimiz rahbarining 2022-yil 12-13-may kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida bu borada yana qoʻshimcha vazifalar belgilandi, — deydi “Fargʻona mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi bosh muhandisi Xazratillo Tangatarov. — Shu asosda Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashining 2022-yil 15-iyun kungi qaroriga muvofiq, 18 km uzunlikdagi 25 ta ichki yoʻllarni qurish va taʼmirlash ishlari bajarildi.
Taʼkidlash oʻrinliki, Fargʻona viloyatida davlat dasturlari doirasida ichki yoʻllarni 2026-yilga qadar bosqichma-bosqich taʼmirlash ishlarini yakunlash rejalashtirilgan. Shu maʼnoda aytganda, yaqin uch-toʻrt yil ichida viloyatda birorta nosoz ichki yoʻl qolmaydi. Bu fargʻonalik yoʻlsozlar uchun masʼuliyatli va shu bilan birga faxrli yumushdir.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring