Fargʻonada 19 ta markaziy dehqon bozorida arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etildi
Fargʻona viloyatining 4 ta shahar hamda 15 ta tumanida joylashgan markaziy dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari oʻz faoliyatini boshladi.
Yarmarkalarda kundalik zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari bozordagidan arzon narxda taklif etilib, xaridorlarga qulaylik yaratish maqsadida naqd pul va naqd pulsiz usulda xizmat koʻrsatilmoqda. Mahsulotlar sifati va uzluksizligini taʼminlash mahalliy hokimliklar masʼullari tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Shu maqsadda tadbirkorlik subyektlari, fermer va dehqon xoʻjaliklari, mirishkor tomorqachilar uchun yarmarkalar hududidan alohida joy ajratib berildi. Bozor hududidagi muzlatgichli omborxonalarda mahsulot saqlash uchun sharoit yaratildi.
—Prezidentimiz raisligida kuni kecha oʻtkazilgan yigʻilishda muborak Ramazon oyi munosabati bilan narx-navoning asossiz oshib ketmasligini taʼminlash boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi,—deydi Rishton tumani hokimining birinchi oʻrinbosari Doniyorjon Rahmonqulov.—Shuningdek, ushbu oyda kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalarning ijtimoiy himoya qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Rishton tumani dehqon bozori hududida ish boshlagan arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasida oila ehtiyoji uchun kerakli 50 turdan ortiq mahsulotlar jamlangan. Aholiga qulay va oson boʻlishi uchun yarmarka bozorning kiraverish qismida joylashtirildi.
Aytish joiz, Fargʻona viloyati hokimligi tomonidan muqaddas Ramazon oyining mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik ruhini yanada mustahkamlash uchun bir qator ezgu tashabbuslarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Xususan, viloyat boʻylab “Kambagʻal oilalar reyestri”da turuvchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj, bemor va yolgʻiz keksalarga bir martalik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish rejalashtirilmoqda.
Oʻz navbatida Ramazon oyi bilan bogʻliq oilaviy marosimlarni ixchamlashtirish, isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik boʻyicha imom-xatiblar, mahalla oqsoqollari, nuroniylar bilan birgalikda amaliy saʼy-harakatlar olib boriladi. .
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring