Fargʻonada 15 sutka “oʻtirib chiqqan” fuqaro 10,5 ming dollar aliment toʻladi
Fargʻona viloyati Toshloq tuman davlat ijrochilari tomonidan aliment toʻlamaslikning oqibatlari tushuntirilgan qarzdor farzandlarining moddiy taʼminoti uchun 10 ming 500 AQSH dollari toʻladi. Bu haqda MIB matbuot kotibi Farrux Toshpoʻlatov “Xalq soʻzi”ga maʼlum qildi.
Bildirilishicha, fuqarolik ishlari boʻyicha Margʻilon tumanlararo sudining 2015-yil 5-fevraldagi ijro varaqasiga asosan qarzdor M.N.dan undiruvchi N.M. foydasiga 1 nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun aliment undirish belgilangan.
Biroq ota oʻz farzandining moddiy taʼminotidan uzoq vaqt boʻyin tovlab kelgan. Shu bois, qarzdor fuqaroga nisbatan toʻplangan hujjatlar Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 474 -moddasiga asosan Jinoyat ishlari boʻyicha Toshloq tumani sudiga yuborilgan.
Maʼmuriy ish joriy yilning 20-fevral kuni sudda koʻrib chiqilib, 100,1 mln soʻm miqdorida aliment pullarini toʻlamagan qarzdor M.N.ga sud tomonidan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
Shuningdek, 15 sutka maʼmuriy jazoni oʻtab chiqqan qarzdor oʻziga tegishli xulosa chiqarmaganligi va yana 2 oydan ortiq aliment pullarini toʻlamay kelayotganligi sababli u bilan tushuntirish olib borilgan. M.N.ga toʻlovlardan bu tarzda boʻyin tovlayotganligi uchun Jinoyat kodeksining 122-moddasida koʻrsatilgan tartibda 1-yilgacha ozodlikdan mahrum boʻlishi mumkinligi aytilgan.
Shundan soʻng, jazodan qoʻrqqan ota oʻsha kuning oʻzida jami 10 ming 500 AQSH dollari miqdorida aliment pullarini undiruvchiga tilxat asosida topshirgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring