Fargʻonada 11 mingdan ortiq kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi

10:25 13 Aprel 2026 Jamiyat
338 0

Fargʻona viloyatida giyohvandlik vositalari va kuchli taʼsir qiluvchi dorilarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish boʻyicha navbatdagi tezkor tadbir oʻtkazildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) maʼlum qildi.

DXXning Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari Bojxona va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Uchkoʻprik tumanida tezkor amaliyot oʻtkazdilar. Tadbir davomida Qoʻshtepa tumanida yashovchi 2001-yilda tugʻilgan fuqaro boshqaruvidagi “Gentra” avtomashinasi toʻxtatildi.

Avtomashinada boʻlgan ikki nafar Qoʻqon shahrida yashovchi shaxslar (1994 va 2002-y.t.) Fargʻona tumaniga borib, qoʻshni respublikadan noqonuniy olib kirilgan 11 650 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qabul qilib olishgan.

Tezkor guruh avtomashinani toʻxtatgan vaqtda, qonunbuzarlar dori vositalarini mashinadan uloqtirib, voqea joyidan qochishga urinishgan. Biroq koʻrilgan tezkor choralar natijasida ularning rejasi amalga oshmadi va gumonlanuvchilar qoʻlga olindi.

Aniqlanishicha, ushbu shaxslar mazkur dori vositalarini Fargʻona va Qoʻqon shaharlarida sotishni rejalashtirgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatma: Hurmatli fuqarolar, agar siz shu kabi qonunbuzilish holatlariga guvoh boʻlsangiz, DXXning 1520 qisqa raqamiga xabar berishingiz mumkin. Shaxsingiz sir saqlanishi toʻliq kafolatlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер