Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti xalqaro taʼlim markaziga aylanmoqda
Mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida sohaning jozibadorligi sezilarli darajada ortmoqda. Xususan, bugungi kunda birgina Fargʻona viloyatining oʻzida dunyoning oʻnlab davlatlaridan kelgan 2 ming nafardan ortiq xorijlik talaba tahsil olayotgani eʼtiborga molik.
2020-yilda tashkil etilgan Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutida ayni paytda qariyb 7 ming nafar talaba bilim olmoqda. Dastlabki oʻquv yilida bor-yoʻgʻi 7 nafar talaba bilan faoliyat boshlagan xalqaro fakultet bugun 1513 nafar xorijlik talabani qamrab olgan. Ularning asosiy qismini Hindistondan kelgan yoshlar tashkil etadi.

— Nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalarni uygʻunlashtirish uchun institutda barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan, — deydi hindistonlik talaba Aisha Varma. — Professor-oʻqituvchilarimiz jahon tibbiyotining soʻnggi yutuqlari asosida bilim berishga intiladi. Oʻquv binolari zamonaviy talablarga javob beradi, kutubxonalar esa zarur ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlangan.
Talabalar Fargʻona shahridagi ixtisoslashgan tibbiy-profilaktika muassasalarida amaliy mashgʻulotlar oʻtaydi. Shuningdek, institut qoshida faoliyat yuritayotgan klinik bazalar ham amaliyotni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Aisha Varmaning taʼkidlashicha, Fargʻona tabiati, mehmondoʻst aholisi, milliy qadriyat va anʼanalari xorijlik talabalarda iliq taassurot qoldirmoqda. Ular viloyatda oʻtkazilayotgan bayram va festivallarda faol ishtirok etib, madaniy muhit bilan yaqindan tanishmoqda.
Shu maʼnoda, mazkur taʼlim muassasasi nafaqat yuqori malakali tibbiy kadrlar tayyorlash, balki millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, insonparvarlik va tinchlik gʻoyalarini targʻib etishga ham munosib hissa qoʻshmoqda. Mustahkam taʼlim bazasi, xalqaro hamkorlik aloqalari va ilmiy salohiyat esa kelgusida sogʻliqni saqlash tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring