Fargʻona viloyatida qishloq xoʻjaligi eksporti geografiyasi kengaymoqda
Fargʻona viloyatida joriy yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti geografiyasi yana 11 ta mamlakat hisobiga kengayib, 67 ta davlatni qamrab oldi.
Soʻnggi yillarda viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida 16 ming gektar yangi yer oʻzlashtirilib, qishloq xoʻjaligi aylanmasiga kiritildi. Shuningdek, 11 ming gektar maydonda yangi bogʻlar barpo etildi. Uzumchilik tarmogʻini rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar samarasida hozirda viloyatda 7 ming gektar uzumzor mavjud. Joriy yilda har gektar uzumzordan olinayotgan daromad oʻrtacha 50 ming dollarni tashkil etdi.
Eʼtiborli jihati shundaki, soʻnggi yillarda paxta va gʻalla ekiladigan 25 ming gektar serhosil yer aholiga ajratib berildi. Natijada 110 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi hamda ichki bozor ehtiyoji va eksport uchun yillik oʻrtacha 700 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirishga erishilmoqda. Joriy yil yakuni bilan viloyatda 450 million dollarlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish rejalashtirilgan.

Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan Buvayda tumanida oʻtkazilgan tantanali tadbirda ushbu yutuqlar alohida eʼtirof etildi. Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov tadbir ishtirokchilarini Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni va Hosil bayrami bilan qutladi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, 2026-yilda viloyatda jami 6,9 million tonna qishloq xoʻjaligi mahsuloti, shu jumladan, 1 million tonnadan ortiq meva va uzum yetishtirish rejalashtirilgan. Qishloq xoʻjaligi sohalari kesimida 438 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish, 150 million dollarlik xorijiy investitsiya va xalqaro moliya institutlari kreditlarini jalb qilish koʻzda tutilmoqda. Qariyb 5 ming gektar yangi yer oʻzlashtirilib, intensiv bogʻlar barpo etiladi, 7,5 ming gektar eski va kam hosilli bogʻlar esa zamonaviy talablar asosida yangilanadi.
— Ilm-fan yutuqlari, ilgʻor agrotexnologiyalar va innovatsiyalarni keng joriy etish natijasida viloyatda har gektar paxta maydonidan oʻrtacha 45 sentner, gʻalladan esa 85 sentnerdan ortiq hosil olinmoqda, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Alibek Tursunov. — Joriy yilda viloyat tarixida ilk bor 72 ming gektar maydonda 326 ming tonna paxta yetishtirildi. Ilgari bunday natijalarga erishish imkoni mavjud emas edi.

2026-yilgi dehqonchilik mavsumida 44 ming gektar yerga xorijiy paxta navlari ekilishi va hosilning qariyb 70 foizini terim mashinalari yordamida yigʻishtirib olish rejalashtirilgan.
Ayni paytda viloyatda paxta tolasidan olinayotgan ipni matoga aylantirish darajasi qariyb 60 foizga yetdi. Paxta xomashyosini qayta ishlash sohasida tayyor mahsulot ulushi esa 35 foizdan oshdi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring