Fargʻona viloyatida mahalla raisi saylovlari boshlandi

12:14 02 May 2025 Jamiyat
167 0

Botir Madiyorov/“Xalq soʻzi”. Maʼlumki, joriy yilning may–iyul oylarida yurtimizda fuqarolar yigʻinlari raisi saylovlari oʻtkaziladi. Bugundan boshlab Fargʻona viloyatida ham ushbu muhim siyosiy tadbirga start berildi.

Saylovlarni adolat, xolislik va shaffoflik tamoyillari asosida oʻtkazish maqsadida yil boshidan viloyatdagi 1062 ta mahallada jiddiy tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining Fargʻona viloyati boshqarmasida viloyat shtabi, shuningdek, 19 ta tuman va shaharda saylovlarga koʻmaklashuvchi komissiyalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Mahalliy Kengashlar qarorlari asosida tashkil etilgan tuman va shahar komissiyalari saylovlarni yuqori saviyada tashkil etishga xizmat qilmoqda. Saylovlarda ishtirok etadigan vakillar soni har bir mahallada ishchi guruhlar tomonidan belgilandi. Umuman, saylovlarda Fargʻona viloyati boʻyicha 330 ming nafardan ziyod vakil qatnashishi kutilmoqda.

Fargʻona tumanidagi Dilkusho mahallasida oʻtkazilgan saylov uyushqoqlik va koʻtarinki ruhda oʻtdi. Saylov yoshidagi fuqarolar 287 nafar vakil orqali mahalla raisi uchun ovoz berdilar.

— Tumanda saylov yangicha tamoyillar asosida, ochiqlik va oshkoralikda, fuqarolarning xohish hamda irodasini erkin ifoda qilish mezonlariga xos tarzda oʻtishi uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarlar etilgan, — deydi Fargʻona tumani mahalla raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyasi aʼzosi Ozoda Dadajonova. — Ayni paytda tumanda 139 mingdan ziyod hamyurtimiz saylovda ishtirok etish huquqiga ega boʻlib, ular tomonidan 16 ming 661 nafar vakillar saylangan.

Dilkusho mahallasining 20-umumtaʼlim maktabida tashkil etilgan saylov bayramona ruhda, shaffoflik asosida oʻtkazildi.

Rishton tumanida esa joriy saylovda 71 ta mahallada rais saylanadi. “Qoshqayron” mahalla fuqarolar yigʻinida ham ushbu jarayon tartibga muvofiq, uyushqoqlik bilan oʻtdi. Dastlab saylov jarayonini yurituvchi rayosat, kotib va sanoq komissiyasi saylandi. Raislikka nomzodlar oʻz dasturlarini taqdim etib, fuqarolar tomonidan yopiq ovoz berish orqali eng munosib nomzod tanlandi.

Ayni vaqtda Fargʻona viloyatining barcha tuman va shaharlarida saylovlar belgilangan tartibda davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер