Fargʻona viloyatida Xitoy tajribasi keng joriy etiladi

18:08 15 Dekabr 2023 Jamiyat
881 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Ayni kunlarda Fargʻona viloyati hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Alibek Tursunov boshchiligidagi soha masʼullari hamda klasterlar rahbarlaridan iborat delegatsiya Xitoyda boʻlib turibdi.

Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad hamkorlik aloqalarini kengaytirish orqali Fargʻona qishloq xoʻjaligida Xitoy tajribasini keng joriy etishga qaratilgan. Qariyb bir hafta mobaynida viloyat delegatsiyasi Pekin va Chendu shaharlarida boʻlib, bir qator muloqotlar olib borishadi. Xususan, qishloq xoʻjaligi sohasida suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritishda “Aqlli qishloq xoʻjaligi” texnologiyalarini joriy etish boʻyicha istiqbolli kelishuvlarga erishish maqsad qilingan.

Oʻz navbatida Xitoyning qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligi sohasida eng yirik muassasalaridan biri – Pekin qishloq xoʻjaligi va oʻrmonchilik akademiyasi qoshidagi ilmiy-tadqiqot markazi bilan Fargʻona viloyatida qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligi sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Xitoyning qishloq xoʻjaligi texnikalari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalarini borib koʻrish hamda bunday texnikalarni Fargʻona viloyatida yigʻish va servis xizmatini joriy etish borasida muzokaralar oʻtkaziladi.

Delegatsiyaga viloyat hokimining Fargʻona va Xitoy oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi Otaxon Xayrullayev hamrohlik qilmoqda.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер