Fargʻona viloyatida 229 ta MFY aholisi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi taʼminotiga ega boʻladi

17:54 21 Fevral 2023 Jamiyat
699 0

Foto: Xalq so‘zi

Prezidentimizning 2022-yil 25-oktyabrdagi “2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi Fargʻona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Ayni paytda ushbu boshqarma buyurtmachiligida 418,4 mlrd. soʻm byudjet mablagʻlari hisobidan 229 ta MFYda 817,5 km ichimlik hamda 62,6 km oqova suv tarmogʻi boʻlgan 182 ta inshootni qurish va taʼmirlash jarayoni qizgʻin surʼatga kirdi. Eʼtiborlisi, buning samarasida joriy yilda viloyatda 128,2 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi taʼminotiga ega boʻldi hamda 98,8 ming nafar isteʼmolchilarning suv taʼminoti barqarorlashadi.

Xususan, Fargʻona tumani “Markaz” MFYdagi Markaz, Chashma, Mindon xamda Voris koʻchalariga 6,5 km masofada ichimlik suvi tarmogʻini tortish, bitta quduq qazish va suv minorasini oʻrnatish belgilangan.

Mazkur mahallada tashkil etilgan amaliy seminarda viloyatdagi tegishli qurilish-pudrat tashkilotlari masʼullari ishtirok etdi. Unda har bir obyekt sifatli qurilishi va oʻz muddatida yakunlanishi, eng muhimi, bundan odamlar rozi boʻlishi kerakligi xususida aniq vazifalar qayd etib oʻtildi.

Seminar ishida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov qatnashib, belgilangan vazifalar ijrosi har bir obyekt kesimida oʻrganilishi, qurilish ishlari sifati ichki nazorat guruhi tomonidan tekshirilishi, sifatsiz mahsulotlardan foydalanish holati aniqlansa, pudratchi tashkilot rahbarlari tegishli tartibda javobgarlikka tortilishini taʼkidladi.

— Bu kabi yangilanish va oʻzgarishlardan, avvalo, xalqimiz rozi boʻlishi zarur, — dedi viloyat rahbari. — Bundan buyon byudjetning har bir soʻm mablagʻi toʻgʻri yoʻnaltirilishi nazorat qilinadi. Har bir obyekt mutaxassislar ishtirokida alohida oʻrganilgach, sifati talabga javob bersa, foydalanishga qabul qilinishi mumkin.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер