Fargʻona viloyati va Janubiy Koreyaning Yongin shahri tadbirkor ayollari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatildi

21:12 22 Mart 2023 Siyosat
949 0

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Janubiy Koreyaning yirik shaharlaridan biri – Yongin shahri meri oʻrinbosari Xvan Djun Ki boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, muloqot chogʻida Fargʻona va Yongin oʻrtasida har tomonlama hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga koʻtarish istiqbollari muhokama qilindi.

2008-yilda Fargʻona viloyati bilan birodarlashgan shahar kelishuvini imzolagan Yongin Janubiy Koreyaning “aqlli shahar” konsepsiyasiga uygʻun holatda eng tez rivojlanayotgan shaharlaridan biri sanaladi. Yalpi hududiy mahsulot hajmi 25 milliard dollarga teng, yarim oʻtkazgichlar ishlab chiqarishda dunyoda yetakchi oʻrinda turadi. Bundan tashqari, Yonginda yiliga 7 millionga yaqin kishi tashrif buyuradigan Janubiy Koreyadagi eng yirik “Everland” koʻngilochar parki hamda “Caribbean Bay” akvaparki, Koreya Respublikasi milliy bogʻi joylashgan.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiyasining 2022-yil mart oyida Janubiy Koreyaga tashrifi doirasida Yongin shahri meri Pek Kun-ki boshchiligidagi rasmiylar bilan uchrashuv oʻtkazilib, ikki hudud oʻrtasida aloqalarni oʻzaro manfaatli amaliy hamkorlikka aylantirish, savdo va investitsiyaviy aloqalarni yoʻlga qoʻyish, hamkorlik rishtalarini mustahkamlash masalalari yuzasidan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqish boʻyicha kelishib olingan edi.

Ushbu kelishuvlarni hayotga tatbiq etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasi ham bugungi uchrashuv kun tartibidan oʻrin oldi.

Muzokaralar chogʻida shuningdek Fargʻona va Yongin oʻrtasida ayollar tadbirkorligi boʻyicha ham hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Yongin shahri Sanoat va tijorat palatasi huzuridagi Tadbirkor ayollar uyushmasi bilan Fargʻona viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi oʻrtasida oʻzaro Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Janubiy Koreyalik mehmonlar ikki kun davomida Fargʻona shahridagi ekoshahar massivi qurilishi, “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi, Uchkoʻprik tumanidagi Boboshbek savdo va ishlab chiqarish majmuasi faoliyati, shuningdek, Rishton va Margʻilon hunarmandchiligi bilan tanishadi.

Shuningdek, mehmonlar viloyatda boʻlib oʻtayotgan Navroʻz bayrami tantanalarida ishtirok etishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер