Fargʻona viloyati delegatsiyasi Janubiy Koreyada
Foto: Халқ сўзи
Shu kunlarda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyada boʻlib turibdi. Fargʻona viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Dilmurod Jumaboyevning “Xalq soʻzi” muxbiriga maʼlum qilishicha, uchrashuvlar Inchxon shahrida “Posco International” korporatsiyasi rahbariyati bilan muloqotdan boshlandi. Janubiy Koreyaning eng yirik korporatsiyalaridan biri boʻlgan “Posco International” metallurgiya, neft-gaz, avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi, tekstil va boshqa koʻplab sohalarda xalqaro miqyosda muvaffaqiyatli biznes yuritmoqda. 63 ming nafardan ziyod ishchi-xodimlar mehnat qiladigan kompaniyaning yillik sof foydasi qariyb 6 milliard dollarni tashkil etadi.
Muzokaralar davomida korporatsiyaning Fargʻona shahrida 1996-yildan beri faoliyat koʻrsatib kelayotgan “Posco Textile” korxonasini zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilish, Yozyovon tumanida paxtachilik klasterini tashkil etish hamda paxta yetishtirishdan tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonni qamrab oluvchi ishlab chiqarish zanjirini yoʻlga qoʻyish, bunda Koreya bozori talablariga mos momiq sochiqlar, sunʼiy tolali aralash matolar ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, Fargʻonada yetishtirilgan meva-sabzavotlarni Koreya bozoriga eksportini yoʻlga qoʻyish, Fargʻona shahrida barpo etilayotgan Ekoshahar loyihasida investitsiyalar bilan ishtirok etish kabi masalalarga ham eʼtibor qaratildi. Muloqot yakunida Fargʻona viloyati hokimligi hamda “Posco International” oʻrtasida qiymati 65 million dollar boʻlgan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Viloyat delegatsiyasi Koreyaning yirik shaharlaridan biri – Yonginda boʻlib, shahar hokimi Pek Kun-ki boshchiligidagi rasmiylar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Yongin Koreyaning “aqlli shahar” konsepsiyasiga uygʻun holatda eng tez rivojlanayotgan shaharlaridan biridir. Yarim oʻtkazgichlar ishlab chiqarishda dunyoda taniqli Yongin shahrida, shuningdek, Koreyadagi eng yirik “Everland” koʻngilochar parki hamda “Caribbean Bay” akvaparki, Koreya milliy bogʻi joylashgan.
Uchrashuv chogʻida ikki hudud oʻrtasida aloqalarni amaliy hamkorlikka aylantirish, Savdo-sanoat palatalari oʻrtasida delegatsiyalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish orqali oʻzaro manfaatli qoʻshma loyihalarning amalga oshirilishiga zamin yaratish, Fargʻonada yarim oʻtkazgichlar, elektronika va uy xoʻjaligi mollari ishlab chiqarishga investitsiyalar jalb qilish, Fargʻona va Yongin shahri oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro aloqalar oʻrnatish, shaharsozlik infratuzilmasi hamda turizm obyektlarini barpo etish va ommalashtirish yoʻnalishlarida tajriba almashinish kabi masalalar boʻyicha hamkorlik istiqbollari belgilandi.

Ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni amalga oshirish uchun “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish hamda uni yaqin muddatda onlayn formatda imzolash boʻyicha kelishib olindi.
Fargʻona viloyati delegatsiyasi tabiiy ekotizimga moslab barpo etilgan “Everland” bogʻida boʻlib, bu yerda turistlar uchun yaratilgan sharoitlar, xizmat koʻrsatishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish borasida yoʻlga qoʻyilgan tajribalar bilan tanishdilar.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring