Fargʻona va Andijonda suyultirilgan gaz va gaz ballonlari talon-toroj qilingan. Departament Jinoyat Kodeksining 167-moddasi bilan ish qoʻzgʻatdi
yuz.uz
Bosh prokuratura huzuridagi Departament Fargʻona va Andijon viloyatlarida suyultirilgan gaz va gaz ballonlarini talon-toroj qilish holatlarini aniqladi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar bermoqda.
Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oltiariq tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Oltiariqtumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi masʼul shaxslari 153 ta aholi xonadoniga goʻyoki 2 ming 998 ta gaz ballonlarida 1 kg. uchun belgilangan 1 600 soʻmdan jami 58 520 kg. suyultirilgan gaz yetkazib berilganligi haqida elektron dasturga soxta maʼlumotlar kiritgan. Amalda esa gaz toʻldirilgan ballonlarni qimmat narxlarda boshqa shaxslarga sotib yuborib, jami 262,4 ming soʻm naqd pul mablagʻlarini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Buloqboshi tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ham fosh etilgan. “Buloqboshitumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi masʼul shaxslari oʻzlarining moddiy javobgarligida boʻlgan umumiy bahosi 98 million soʻmlik jami 235 dona suyultirilgan gaz ballonlarini hech qanday hujjatsiz boshqa shaxslarga berib yuborib, talon-toroj qilganliklari maʼlum boʻlgan.
“Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda”, deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring