Fargʻona politexnika institutida “Yapon tili va yapon texnologiyalarini oʻrgatishga moʻljallangan markaz” tashkil etiladi

10:31 01 May 2023 Siyosat
479 0

Yurtimizda yoshlarning mustaqil hayotga qadam qoʻyishlari, oʻz iqtidori va salohiyatini toʻliq namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, ularning bandligiga koʻmaklashish, doimiy ish hamda munosib daromad olishini taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Mana shunday strategik yoʻnalishdagi ishlar davomi Fargʻona politexnika institutida ham oʻz aksini topmoqda.

Kuni kecha Yaponiyaning ilgʻor kompaniyalari uchun malakali mutaxassislar tayyorlab beruvchi “Willtec”, “Wat consulting” va “Nippondo” kompaniyalari rahbarlari institutga tashrif buyurdi. Fargʻona politexnika institutida “Yapon tili va yapon texnologiyalarini oʻrgatishga moʻljallangan markaz”ni tashkil etish va faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Oliygoh bitiruvchilarining Yaponiyada oʻz mutaxassisliklari boʻyicha faoliyat olib borish imkoniyatini taqdim etuvchi ushbu markaz, dastlabki bosqichda oliygohning kunduzgi va sirtqi boʻlimlarda qurilish va arxitektura yoʻnalishlarida taʼlim olayotgan 4 ming nafardan ziyod talabani qamrab olishi koʻzda tutilgan. Bir vaqtning oʻzida 175 nafar talabaga Yapon tili va yapon texnologiyalarini oʻrgatishga moʻljallangan markaz, ikki yillik dastur asosida oʻquv amaliyotlarini tashkil etadi. Yaponiyaning yirik qurilish kompaniyalari bilan hamkorlikda ish olib boruvchi “Wat consulting” markazni muvaffaqiyatli tamomlagan oliygoh bitiruvchilarini Yaponiyada oʻz mutaxassisliklari boʻyicha mehnat faoliyati olib borishlarini taʼminlaydi. Keyingi bosqichda markaz kengaytirilib, boshqa yoʻnalishlarda taʼlim olayotgan talabalar ham jalb etiladi.

Aholisi yil sayin keksayib borayotgan Yaponiyada til biluvchi va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash koʻnikmasiga ega malakali mutaxassislarga katta ehtiyoj mavjudligini qayd etgan yaponiyaliklar, Fargʻona politexnika instituti talabalarining bilim va salohiyatini yuqori baholab, oʻquv markazi bitiruvchilari, oʻz mutaxassisliklari boʻyicha faoliyatlarini Yaponiyada muvaffaqiyat bilan davom ettirishlariga ishonch bildirishdi.

Taʼkidlash joizki, Yaponiyaning “Willtec” kompaniyasining asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan biri yirik sanoat korxonalariga xorijdan malakali va salohiyatli kadrlarni jalb etish va ishga joylashtirish hisoblanadi. Fargʻona politexnika institutida tashkil etiladigan markaz Fargʻona viloyati yoshlari uchun Yaponiyaning yirik kompaniyalarida ishlash imkoniyatini yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер