Farg‘ona hokimi viloyatdagi “Yangi O‘zbekiston” massivining qurilish ishlari sifatini o‘rgandi
Foto: Xalq so'zi
Ma’lumki, shu yilning 5 aprel kuni Prezidentimiz raisligida yangi uy-joylar qurilishi va 2023 yilgi ipoteka dasturi bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda keyingi yillarda bu borada erishilgan yutuqlar alohida e’tirof etilib, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tahlil va tanqid ruhida muhokama qilindi. Xususan, “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurish dasturi ijrosi bo‘yicha ba’zi hududlar, shular qatorida Farg‘ona viloyatidagi mavjud holat qoniqarsiz ekanligi ta’kidlandi. Bu borada mutasaddilarga infratuzilma, qurilish va uylar sotuvi bilan bog‘liq jarayonlarni jadallashtirish uchun muhim topshiriqlar berildi.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov viloyat sektorlari rahbarlari bilan Farg‘ona shahrida barpo etilayotgan Ekoshahardagi – “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi bilan tanishdi.
Ayni kunlarda Ekoshaharda 300 gektar maydonda 40 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy shaharchani bunyod etish ishlari jadal davom etmoqda. Hozirda shaharchada 73 ta ko‘p qavatli uylar, 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 2 ta maktab, bitta shifoxona, 4000 o‘rinli amfiteatr qurilishi olib borilyapti.
Xayrullo Bozorov qurilishga mas’ul rahbarlar va quruvchilar bilan suhbatlashib, har bir ob’yekt bo‘yicha qurilish ishlarining borishini o‘rgandi. Qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlash, qurilish jarayonida zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or uslublardan samarali foydalanish zarurligiga e’tibor qaratdi.
O‘z navbatida mazkur hududda yangi uy-joylar qurilishi va 2023 yilgi ipoteka dasturi bo‘yicha belgilangan vazifalar ham ko‘rib chiqildi. Ba’zi qurilish tashkilotlarining bank krediti bilan bog‘liq murojaatlari ijobiy hal etildi. Infratuzilma, qurilish va sotuv bilan bog‘liq masalalarni hal qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.
- Ekoshahardagi qurilish ishlariga 40 ta pudratchi tashkilotlar jalab etilgan,-deydi Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Lazizxon Pozilov. – Qurilish sifatini nazorat qilish maqsadida sohaga mas’ul idoralarning ko‘chma ofislari, sifat laboratoriyasi faoliyat ko‘rsatyapti. Shuningdek, uy-joy savdosi, shartnomalar imzolash, bank kreditlarini rasmiylashtirishda qulayliklar yaratish maqsadida shu yerning o‘zida ipoteka markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ta’kidlash joizki, joriy yilda Ekoshaharda dastlabki ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Botir Madiyorov, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring