Faol va fidoyi tibbiyot xodimlari mehnati eʼtirof etildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Fargʻona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat Teatr-konsert saroyida Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri oʻtkazildi.
Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash sohasi xodimlariga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.

Taʼkidlash oʻrinliki, yurtimizda keyingi yillarda tibbiyot sohasida hayotga tatbiq etilgan islohotlar viloyatda quvonarli natijalarini bermoqda. Birgina joriy yilning oʻtgan davrida viloyatda qariyb 50 ta xususiy tibbiyot muassasalari tashkil etildi. Tibbiyot yoʻnalishida ikkita zamonaviy tibbiyot muassasasi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, dunyoning eng ilgʻor davlatlari bilan faol hamkorlik qilinyapti. Oʻz navbatida viloyat tibbiyot oliy taʼlim dargohlarida turli qitʼalardan yigit-qizlar kelib oʻqimoqda.

Shuningdek, sohaning moddiy-texnik bazasi jahon andozalari darajasida rivojlanib, viloyatdagi ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarida ilgari xorijda amalga oshirilgan 30 dan ortiq yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarilyapti. Shu yilning oʻn oyi davomida viloyatda 3600 nafardan ziyod bemorlarda ana shunday murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli oʻtkazilgani eʼtiborga loyiq.

— Bu yilgi bayram arafasida Prezidentimiz farmoniga koʻra, “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanganimdan behad mamnunman, — deydi Fargʻona shahridagi “ASAF Medikal” MCHJ rahbari Abdulaziz Rayimjonov. — Bugungi kunda bu yerda bemorlarga yurak-qon tomir kasalliklari sohasida namunali xizmat koʻrsatib kelinmoqda. Bundan buyon ham kasalliklar profilaktikasi, kasalliklarni erta aniqlash va davolash, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish faoliyatimizning asosiy mezoni boʻlib qolaveradi.
Tantanali tadbirda soha faollari va fidoyilarining mehnati munosib eʼtirof etilib, ularga Fargʻona viloyati hokimining Faxriy yorligʻi, tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari taqdim etildi. Bir guruh xodimlarga “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak -nishoni topshirildi.
Shu kuni barcha shahar va tuman Tez tibbiy yordam brigadalariga xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida yangi “Caddi Volkswagen” avtomashinalari berildi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring