FAO “Yashil makon” dasturida faol harakat qilmoqda
Foto: Халқ сўзи
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” milliy dasturining maqsad va vazifalariga mos ravishda koʻkalamzorlashtirish tadbirlarida faol ishtirok etmoqda. Bunda FAOning “Oʻzbekiston togʻ va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda Global ekologik jamgʻarma (GEJ) koʻmagida amalga oshirilmoqda. Jumladan, loyiha doirasida Kitob davlat oʻrmon xoʻjaligida mahalliy aholiga oʻz shaxsiy tomorqalari va davlat oʻrmon fondi hududini koʻkalamzorlashtirish uchun 60 mingga yaqin koʻchatlar topshirildi. Aksiya davomida FAO ekspertlari tomonidan Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Kitob tumani hokimligi bilan hamkorlikda “Yashil maydonlar va plantatsiyalar yaratish arotexnikasi” mavzusida seminar ham oʻtkazildi. Seminarda loyiha ishtirokchilari, shuningdek, mahalliy aholi, ijarachilar va oʻrmon xoʻjaligi mutaxassislari ishtirok etishdi.
FAO/GEJning “Oʻzbekiston togʻ va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi Sirdaryo, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida amalga oshirilmoqda. Ushbu hududlarda oʻrmonlarni barqaror boshqarish, oʻrmon hududlarining axborot tizimlari va elektron xaritalarini yaratish, gender tengligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratgan holda mahalliy aholini oʻrmon xoʻjaligini boshqarish jarayonlariga keng jalb qilish ishlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring