FAO tomonidan Qamashi tumanidagi qishloq aholisiga koʻchma urugʻ tozalash zavodi topshirildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Yuqori hosildor navlarning urugʻlarini yetishtirish yaxshi hosil olish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifatini oshirishning asosiy sharti hisoblanadi.
Biroq, urugʻlarni koʻpaytirish paytida mexanik shikastlanish, oʻzaro changlanish, segregatsiya, mutatsiya va boshqa jarayonlar natijasida vaqt oʻtishi bilan genetik tozalik buziladi. Shuning uchun sertifikatlangan oʻsimlik navlarini ishlab chiqarish uchun asos boʻladigan urugʻlarini vaqti-vaqti bilan yangilab turish kerak. Shundan ham fermerlar urugʻlarni bozor narxlarida yetkazib berish va koʻproq foyda olish uchun sertifikatlangan urugʻlarni ishlab chiqarishdan manfaatdor.
Urugʻchilikning ahamiyatini inobatga olgan holda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Sara Urugʻ Yangi Hayot” qishloq xoʻjaligi kooperativiga yangi zamonaviy uskuna-urugʻlarni tozalash uchun koʻchma kichik zavodini topshirdi. Bu urugʻ yetishtirish muammolarini nisbatan tez va kam xarajat bilan hal qilish imkonini beradi. Koʻchma zavod ixchamligiga qaramay, yuqori sifatli urugʻlarni ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlarini toʻliq bajarishga qodir.
“Ushbu qurilma samaradorlikni oshirishda katta salohiyat va istiqbolga ega. U ishlash jarayonida urugʻlik materiallaridan hajmi va shakli boʻyicha saralaydi va mexanik zarar yetkazmaydigan texnologiyalar qoʻllaniladi. Chang, qobiq, mayda begona oʻt urugʻlari kabi yengil aralashmalar olib tashlanadi va natijada sifatli urugʻlar olinadi”, — deydi CACILM-2 loyihasining Oʻzbekistondagi milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.
Uskuna topshirilgan “Sara Urugʻ Yangi Hayot” qishloq xoʻjaligi kooperativi 20 ga yaqin fermer xoʻjaliklarini birlashtiradi. Koʻchma zavod 10 ming gektar ekin maydonida yetishtirilgan urugʻlikni qayta ishlash imkonini beradi.
Yangi uskuna nafaqat mehnat unumdorligini oshirish, balki vaqt va resurslarni sezilarli darajada tejash, fermerlar daromadini oshirishi kutilmoqda. U bugʻdoy, mosh, sholi, makkajoʻxori, noʻxat, tariq, kungaboqar, soya, arpa, moyli ekinlar urugʻlarini, shuningdek, qahva va yem-xashak ekinlari hamda sabzavot urugʻlarini ham qayta ishlashi mumkin.
Yordam FAOning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi doirasida taqdim etildi. U Global Ekologik Jamgʻarma tomonidan moliyalashtirilib, Oʻzbekistonda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring