Faxriy jurnalist sifatida

18:35 25 Iyun 2024 Jamiyat
331 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Otaxon jurnalist, yoshlarning sevimli ustozi, tanqidiy-tahliliy maqolalari bilan xalqqa tanilgan 88 yoshli Doniyor Ergashevni bayram arafasida yoʻqlab bordik.

Doniyor ota 1958-yilda Qoʻqon shahar gazetasida adabiy xodim sifatida ish boshlagan. Oʻziga talabchan, masʼuliyatli, dolzarb maqolalarni dalil qalamga olgan yosh jurnalistni koʻp oʻtmay, “Fargʻona haqiqati” gazetasiga ishga taklif etishdi. Bu sergʻayrat jurnalist hayotida yangi sahifa ochib, uzoq yillar Fargʻona teleradiokompaniyasi raisi, “Fargʻona haqiqati” gazetasi bosh muharriri sifatida faoliyat koʻrsatdi. Ustoz jurnalistning fidoyi mehnatlari munosib eʼtirof etilib, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist” unvoni bilan taqdirlandi.

Doniyor Ergashev 45-yillik mehnat tajribasiga ega. Yarim asrdan ziyod jurnalistika sohasiga umrini bagʻishladi. Eng murakkab davrlarda ham oʻz kasbiga sodiq qoldi. Jurnalist sifatida el-yurtda hurmat orttirgani tufayli ikki oʻgʻli ham ota kasbini tanladi.

— Oʻz davrida viloyat gazetasiga Gʻafur Gʻulom, Said Ahmad, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari mashhur ijodkorlar, jurnalistlar bilan ijodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻygandim, — deya xotirlaydi Doniyor ota. — Gazetada oʻqishli maqola ketsagina, mushtariylar jurnalistlar ortidan ergashadi. Tahririyatimizdagi qizgʻin ijodiy muhit qancha yoshlarni tarbiyaladi. Hozir ular respublika markaziy nashrlari, televideniye, radio va nashriyotlarda faoliyat koʻrsatmoqda.

Doniyor Ergashev ijodiy maktabida tajriba orttirgan shogirdlari koʻp. Ular ham ustoziga oʻxshab sodda va ixcham yozadi. Maqolalari ravon, pishiq-puxta. Oddiy axborot yoki lavhalarida ham Doniyor Ergashev uslubi sezilib turadi.

Ustozga hazil aralash chin “Fargʻona jurnalistikasi otaxoni” maqomi berilgani bejiz emas. Doniyor Ergashev jurnalistika sohasiga bir umrlik sadoqati, uzoq yillik samarali faoliyati tufayli bunday eʼzozga munosibdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер