Faxr va iftixor izhori

01:05 06 Sentyabr 2022 Jamiyat
980 0

Foto: Xalq so‘zi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 12-avgust kuni Bekobod shahriga, jumladan, kombinatimizga tashrifi bizni yangi-yangi mehnat zafarlariga undadi. Korxonamiz ishchi-xizmatchilari bilan boʻlib oʻtgan samimiy suhbatlarda metallurgiya sohasining yaqin kelajakdagi taraqqiyot yoʻllari belgilab berildi. Qolaversa, “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” bagʻrida amalga oshirilayotgan yangi bunyodkorlik loyihalari, sexlarni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga ilgʻor xorijiy texnologiyalarni joriy etish, bu tashabbuslarni muhtaram Prezidentimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi kombinatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda asosiy omil boʻlmoqda.

Keyingi ikki uch yilda amalga oshirilgan oʻzgarishlar, sexlarni malakali mutaxassislar bilan taʼminlanishi, yoshlarga berilayotgan eʼtibor, jamoamizda xotin-qizlar nufuzining oshib borishi, ularga yaratilayotgan sharoitlar, moddiy manfaatdorligimizni oʻsishi, bularning barchasi bugungi Yangi Oʻzbekistonni barpo etishdagi talab va meʼzonlar natijasidir.

Mamlakatimiz mustaqilligining 31–yilligi arafasida koʻplab vatandoshlarimiz qatorida “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” Zoldir prokat sexi katta ustasi Omonbek Alimatov, “Metallurglar” shifoxonasi bosh shifokori Zarema Strigina, kombinat kuzatuv kengashi aʼzosi Jamol Fayzullayev kabi kombinatimiz jamoasi vakillarining, jumladan, kaminaning ham nomzodi nufuzli davlat mukofotiga tavsiya etilganidan minnatdormiz. Bu yuksak ishonch bizni doimo kelajakka ruhlantirib, zimmamizga yuklangan rejalarni sidqidil bajarishda koʻtarinki kayfiyat va kuch-quvvat bagʻishlaydi.

Kezi kelganda aytish joizki, jamoamiz jonajon vatanimiz istiqlolining 31 yillik bayramini mehnatda munosib yutuqlarga bilan kutib oldi. Metallurglar poʻlat eritish, prokat mahsulotlari ishlab chiqarish rejalarini oshigʻi bilan uddalashmoqda. Jamoamiz kombinatning asosiy va tarkibiy boʻlinmalarini tabiiy gaz, issiq va sovuq suv bilan bir maromda taʼminlab keladi. Shuningdek, ishlab-chiqarish jarayonidan chiqayotgan oqava suvlarni tozalab, sexlarga qayta yoʻnaltiradi. Jamoadoshlarim erishayotgan yutuqlar kombinatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilayotganidan mamnunman. Shunday ulkan korxonada, koʻpmillatli ahil jamoada ishlayotganimdan faxrlanaman.

Ismoil Isroilov,

“Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati

energetika sexining 1-sonli qozonxonasi ustasi,

“Doʻstlik” ordeni sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер