“Faxr et doim qudratli yurt, boy til nasab-nasling bilan”
Namangan shahridagi 33-umumtaʼlim maktabida tashkil etilgan anjuman “Faxr et doim qudratli yurt, boy til nasab-nasling bilan” deb nomlandi. Tadbirda ona tilimizning beqiyos imkoniyatlari, uning boyligi va sofligini saqlash, ravnaqi yoʻlida amalga oshirilayotgan amaliy saʼy-harakatlar ifodalangan ochiq darslar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi.
Bunda oʻquvchilarga ona tili va adabiyoti fanlarini puxta va mukammal oʻqitish, mashgʻulotlarni tashkil etishda ilgʻor usullar va zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi. Multimedia vositalari, koʻrgazmalar va slaydlar asosida oʻtkazilgan ochiq darslarda Namangan shahridagi 85 ta umumtaʼlim maktabining ona tili va adabiyoti fani muallimlari fikr-mulohaza almashib, oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.

Til – millat koʻzgusi. Uni mukammal oʻrganish, ona tiliga mehr-muhabbat yosh avlodning milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida yuksak maʼnaviyatli, intellektual salohiyatli inson sifatida kamol topishida beqiyos ahamiyat kasb etadi. Ana shunday ezgu maqsadlarni oʻzida mujassam etgan anjuman adabiy-badiiy kechaga ulanib ketdi. Oʻquvchi yoshlar ijrosidagi sahna koʻrinishlari, kuy-qoʻshiqlar bilan davom etgan tadbir ona tili, adabiyot va maʼnaviyat bayramiga aylandi.
Qudratilla NAJMIDDINOV.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring