Ezgulikka chorlovchi ulug‘vor kunlar
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 11 mayda imzolangan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda mehr-oqibat, muruvvat va saxovat hamda ahillik kabi ulug‘vor munosabatlarning yanada barq urib, islom dinining insonparvarlik mohiyatini, uning tinchlik va bag‘rikenglik singari olijanob g‘oyalarini keng targ‘ib etish, diniy-ma’rifiy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga mustahkam zamin yaratadi.
Bugun yurtimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yib, barcha sohada katta yutuq hamda marralarni qo‘lga kiritayotgani, albatta, Parvardigorning bizga ko‘rsatayotgan cheksiz marhamatidir. Binobarin, O‘zbekistonimiz xalqaro miqyosda o‘zining munosib o‘rnini egallab, xalqimiz turmush darajasi, farovonligi tobora ortib bormoqda.
Aytish joizki, mazkur oy davomida tashkil qilinadigan turli marosimlarni kamtarona, ko‘tarinki shodu xurramlik ila o‘tkazish har birimizning sa’y-harakatlarimiz va ezgu niyatlarimizga hamohangdir. Bu borada davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda, Ramazon oyini joylarda, milliy an’ana hamda qadriyatlar, urf-odatlarimizga mos va uyg‘un tarzda o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarning amalga oshirilishi belgilangani ayni muddao bo‘ldi. Ayniqsa, Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, shukronalik fazilatlarini, muqaddas dinimiz arkonlarini e’zozlash, tinch hamda osuda hayotimizning qadriga yetish, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilishga da’vat etadigan savobli amallar va targ‘ibot ishlari uyushtirilishi aholi, xususan, yoshlarimiz uchun muhim sanaladi. Zero, el-yurtimiz uchun azaldan mehr-shafqat, hamjihatlik ramzi bo‘lib kelgan muazzam ayyomning ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi o‘rni nihoyatda beqiyos.
Qarorda ta’kidlanganidek, ushbu muqaddas oyda yordamga muhtoj hamda ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning muqaddas ziyoratgohlarini, qabristonlarni obodonlashtirish bo‘yicha olib boriladigan tadbirlar dillarda ezgulik tuyg‘usini jo‘sh urdirishi, shubhasiz. Shunday ekan, duo qilamizki, Alloh taolo yurtimiz tinchligini, xalqimiz farovonligini yanada ziyoda aylasin.
Shayx Abdulaziz MANSUR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring