Ezgulik manzili: Fargʻonada 500 ta oilaga 280 million soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi

12:18 12 Mart 2026 Jamiyat
252 0

Fargʻona viloyatida joriy yilning dastlabki ikki oyida “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan mehr va eʼtiborga muhtoj oilalarga 21 mlrd 223 mln soʻmlik muruvvat yordami koʻrsatildi.

Bunday yordamlar sirasiga davolanish, dori-darmon, tibbiy ashyolar hamda kundalik oziq-oziq mahsulotlari kiradi.

Ayni jarayonda fondning tibbiy-ijtimoiy guruhlari viloyatning eng chekka va olis hududlarida boʻlib, aholiga tibbiy-profilaktik xizmatlar ham koʻrsatib kelmoqda. Xususan, oʻtgan davrda shahar-tumanlar kesimida 213 ta MFY qamrab olingan holda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar oʻtkazildi. Unga ijtimoiy daftarlar roʻyxatida turuvchi oilalarning 15 ming nafardan ziyod aʼzolari – xotin-qizlar hamda bolalar qamrab olindi.

Oʻrganishlar davomida tugʻma nuqsoni, ortopedik kasalliklari va kuyish jarohati asoratlari boʻlgan 162 nafar bolalarning jarrohlik amaliyoti uchun 120 mln soʻm mablagʻ oʻtkazib berildi. Oʻz navbatida tugʻma nuqson bilan tugʻilgan 12 nafar kichkintoyning hayotini saqlab qolish maqsadida 175 mln soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Shuningdek, xalqaro hamkorlik doirasida ikki nafar bemor bola Germaniyaning nufuzli klinikalarida bepul davolanib kelish imkoniga ega boʻldi.

—Ezgu anʼanaga koʻra, qutlugʻ Ramazon oyida bu boradagi xayrli tashabbuslar yanada keng quloch yozmoqda,—deydi “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari Nurillo Xudoyberganov.—Bu oyda “ONA” jamoat fondi bilan hamkorligida Quva, Toshloq, Yozyovon va Qoʻshtepa tumanida istiqomat qiluvchi 500 ta kam taʼminlangan oilaga qariyb 280 mln soʻmlik 12 turdagi kundalik zaruriy mahsulotlari yetkazib berilishi taʼminlandi.

Bu kabi xayriya tadbirlari Navroʻz bayrami va Ramazon hayiti kunlari ham viloyat miqyosida keng davom etib, yana yuzlab oilalarga xursandchilik ulashish maqsad qilingan.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер