Ezgulik chegara tanlamaydi
Hammamizga ayonki, biron-bir davlat yakka holda ushbu pandemiya balosiga qarshi samarali kurash olib bora olmaydi.
Biz birdamlik, hamkorlik va oʻzaro gʻamxoʻrlik tamoyillari asosida ish tutishimiz lozim. Biz birgalikda koʻp narsaga qodirmiz.
Shavkat MIRZIYOYEV.
Sayyoramiz kutilmagan sinovga duch keldi. COVID-19 deb atalmish virusning dunyo mamlakatlarini jiddiy imtihondan oʻtkazayotgani, barcha sohalar, ayniqsa, iqtisodiyot, tibbiyot, taʼlim tizimiga taʼsiri mazkur yoʻnalishlarda yangi, ilgʻor yondashuvlar ishlab chiqish zarurligini yaqqol ifoda etdi. Sabr-bardosh, matonat, saxovat, muruvvat, bagʻrikenglik kabi olijanob fazilatlar har qachongidan-da ahamiyatga ega boʻlgani va uni tarbiya omili sifatida yangicha ruhda izchil rivojlantirish, keng yoyish, ibrat olish toʻgʻri choralardan biri ekanligini barchamiz koʻrib, kuzatib turibmiz. Qadriyatlar qadrlangan yurtda esa xalqning bunyodkorlik salohiyati, vatanparvarlik, masʼuliyat va botinida yashayotgan milliy gʻurur, mehr-oqibat, mardlik, insonparvarlik quvvati yuzaga chiqadi. Buning natijasini tinch va farovon yurtimiz misolida hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi. Buni dunyo tan olmoqda.
Karantindagi yuz kun
Mamlakatimizda karantin eʼlon qilinganiga salkam yuz kun boʻldi. Oʻzbekiston pandemiya davrida koronavirus keltirishi mumkin boʻlgan talafotlarga qarshi kompleks yondashuvni ishlab chiqdi. Davlatimiz pandemiya bilan bogʻliq jarayonlarning izidan quvib emas, balki uning barvaqt oldini olish uchun bor kuch va imkoniyatlarini hamda barcha resurslarni safarbar etdi.
Mavjud vaziyat har tomonlama chuqur tahlil qilinib, boʻlajak xavf-xatarlarni, ular bilan bogʻliq muammolar oldindan prognoz qilindi, ularning yechimiga aniq reja va puxta choralar ishlab chiqildi.
Kasallikni yengish boʻyicha barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik yana-da kuchaytirildi. Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Isroil, Buyuk Britaniya, Germaniya va Yaponiyaning yetakchi mutaxassislari bilan bemorlarni davolash boʻyicha telemeditsina orqali muloqotlar yoʻlga qoʻyildi, ularning tavsiyalari oʻzimizda faol joriy etildi.
Asosiysi, Vatanimizda yashayotgan hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimizning eʼtibori va gʻamxoʻrligidan chetda qolmayapti.
Boshqa davlatlar taqdiriga ham befarq emas
Pandemiya davrida Oʻzbekiston nafaqat oʻz xalqi, balki boshqa mamlakatlar taqdiriga ham befarq qarab turmadi. Bu bejiz emas. Keyingi yillarda tashqi siyosatimizdagi yangi ruh, pragmatik qarash davlatimizning xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini oshirishda muhim ahamiyat kasb etyapti.
Koronavirusga qarshi samarali kurashishda birdamlik, hamkorlik va oʻzaro gʻamxoʻrlik tamoyillari asosida ish tutish lozim ekanligini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 10-aprel kuni Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik kengashining navbatdan tashqari sammitidagi nutqida alohida taʼkidlab oʻtdi.
Pandemiya davrida Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi oʻziga xos ustuvor yoʻnalish koronavirusdan aziyat chekayotgan mamlakatlarga insonparvarlik yordamlarini koʻrsatish bilan bogʻliq boʻldi.
Qiyinchiliklarga qaramay, Oʻzbekiston yaqin, qoʻshni va hamkor mamlakatlarga doʻstona yordam qoʻlini choʻzib kelmoqda. Oʻzbekiston Prezidentining topshirigʻiga binoan, Xitoy, Eron, Vengriya, Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Belarus va boshqa davlatlarga insonparvarlik yordami yetkazib berildi.
Oʻzaro hamkorlikning yorqin namunasi
Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi munosabatlar oʻzaro hurmat, ishonch va doʻstlik asosiga qurilgan. Ikki davlat koronavirus infeksiyasiga qarshi davom etayotgan kurashning eng murakkab davrida oʻzaro koʻmak va gumanitar yordam koʻrsatishda alohida namuna koʻrsatdi.
Shu yil aprel oyining ikkinchi yarmida ushbu xavfli virus bilan kasallanganlarni aniqlash, davolash va reabilitatsiya qilish sohasida Xitoyning ulkan amaliy tajribaga ega yetakchi vrachlari guruhi mamlakatimizda boʻldi. Xitoylik mutaxassislar yuksak professional mahorat namoyish etib, ularning mamlakatimiz hududlaridagi mashaqqatli mehnati pandemiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga xizmat qildi.
Albatta, bu shakldagi insonparvarlik yordamini koʻrsatishga dastavval Oʻzbekiston tashabbuskor boʻlganini alohida qayd etish zarur. Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 11-fevralda Xitoy Xalq Respublikasiga insonparvarlik yordamini yuborish toʻgʻrisidagi farmoyishni imzolagan edi. 12-fevral kuni Xitoy Xalq Respublikasining Xubey provinsiyasiga insonparvarlik yordami yuborildi. Gumanitar yuk tarkibida tibbiy yoʻnalishdagi eng zarur mahsulotlar — bir martalik steril tibbiy qoʻlqoplar, himoya qiluvchi kombinezonlar, yuz uchun filtrlovchi niqoblar bor edi.
Oradan yana bir oycha vaqt oʻtib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda insonparvarlik yordamining ikkinchi bosqichi shakllantirildi.
Szyan Yan,
XXRning mamlakatimizdagi
Favqulodda va muxtor elchisi:
— Xitoyning Xubey provinsiyasida koronavirus aniqlangan dastlabki kunlardanoq Xitoy hukumati va xalqi mamlakat rahbari Si Szinpin boshchiligida mazkur kasallikka qarshi kurashish borasida qatʼiy va maqsadli choralarni koʻrdi.
Aynan mana shunday dolzarb kunlarda Xitoy xalqi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan shakllantirilgan insonparvarlik yordamini qabul qilib oldi. Toʻgʻrisi, bu har qanday kishini toʻlqinlantiradi. Xitoyda shunday gap bor: “Doʻstlar bir-biriga ogʻir kunda yordam berishi kerak”. Bu oʻzbek xalqining “Doʻst kulfatda bilinar” degan maqoli bilan hamohang. Biz Oʻzbekiston hukumati va xalqi tomonidan koʻrsatilgan beminnat yordamni chuqur his etib turibmiz. Bunday iliq munosabatni Xitoy yuksak qadrlaydi.
Oʻzbekiston va Xitoy azaliy doʻst. Mamlakatlarimiz oʻrtasida keng koʻlamli strategik sheriklik muntazam rivojlanmoqda. Oʻzbekistonning navbatdagi dadil qadami, ushbu tadbir, mana shu insonparvarlik yuki ham ikki tomonlama hamkorlikning bugungi yuqori darajasini aks ettiradi. Biz yaxshi anglaymizki, bu shunchaki yuk emas. Chin yurtiga kerakli mahsulotlar bilan birga chuqur birdamlik his-tuygʻusi yoʻllanmoqda.
Bir-biriga hamdard, yelkadosh
16-mart kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq koronavirusning oldini olish chora-tadbirlariga koʻmaklashish maqsadida Eron Islom Respublikasiga insonparvarlik yordami yuborildi.
Davlat rahbari topshirigʻiga asosan Eronning yordam soʻrab qilgan murojaatini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, mazkur xavfli infeksiyaga qarshi kurashish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish maqsadida steril tibbiy qoʻlqoplar, himoya qiluvchi kombinezonlar, maxsus tibbiy formalar, niqoblar, doka, spirt, gigiyenik gellar va dori vositalari singari umumiy ogʻirligi qariyb olti tonna boʻlgan tibbiy buyumlar shaklida insonparvarlik yordami yuborilgan.
Hamid NAYERABADI,
Eron Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi
Favqulodda va muxtor elchisi:
— Hayot quvonchli va qaygʻuli kunlardan iborat. Koronavirusning jahon boʻylab tarqalishi ham dunyo xalqlari uchun katta sinov. Bu boʻhronli kunlarda bir-birimizga hamdard, yelkadosh boʻlishimiz kerak.
Mamlakatlarimiz madaniyatida umumiy tushuncha bor: haqiqiy doʻst boshga ogʻir kun tushganda, gʻamu shodliklarda birga boʻladi. Eron Islom Respublikasi hukumati va xalqimiz nomidan Oʻzbekiston hukumati va doʻst, birodar xalqiga, ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga koʻrsatilgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorlik bildiramiz. Umid qilamizki, butun jahon ahli koronavirusni birgalikda yengib oʻtadi.
Birodar xalqqa yordam
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning birodar Belarus xalqiga doʻstona yordami ikki mamlakat xalqlari birdamligi, birligining yana bir ifodasi boʻldi. Allaqachon global muammoga aylangan koronavirusga tezroq barham berish dunyo xalqlarining bir maqsad yoʻlidagi hamkorligi va birgalikdagi saʼy-harakatlariga bevosita bogʻliqdir. Oʻzbekiston Prezidentining birodar Belarus xalqiga tibbiy mahsulotlardan iborat doʻstona yordami shakllantirilib, maxsus reys orqali yuborilgan edi.
Boris ANDROSYUK,
Belarus sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari:
— Mamlakatimiz sogʻliqni saqlash vazirligi va barcha tibbiyot xodimlari nomidan shunday qiyin vaziyatda yordam qoʻlini choʻzgan oʻzbek xalqiga minnatdorlik bildiraman. Ushbu gigiyenik vositalar koronavirusga qarshi kurashishda juda muhim hisoblanadi. Bu hozirgi qiyin holatda doʻst oʻzbek xalqi tomonidan ajoyib qadam boʻldi. Barchasi uchun rahmat.
Arkadiy SHKLYAR,
pedagogika fanlari doktori, professor:
— Qadrli oʻzbek birodarlarimiz! Oʻzbekiston Prezidentining Belarus xalqiga koronavirusga qarshi kurashishdagi yordamini men katta mamnuniyat bilan qabul qildim. Ayovsiz urush yillarida Rossiya, Ukraina, Belarusdan evakuatsiya qilingan minglab qariyalar, ayollar, bolalarni oʻzbek xalqi, oʻzbek oilalari quchoq ochib kutib olib, bir burda nonini boʻlishib yeganiga guvoh boʻlganmiz. Mana, bugun biz yana oʻzbek xalqining buyukligini koʻrmoqdamiz. Boshim yerga tekkunga qadar qadrdon oʻzbek xalqiga, uning Prezidentiga taʼzimdaman.
Olga SAMUSEVICH,
Belarus davlat universiteti dekani:
— Oʻzbekiston Prezidenti va davlatingizning ushbu yordami ikki birodar xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu hech qanday epidemiya, hech qanday dushman bizning hamkorligimizga xavf sola olmasligidan dalolat. Aksincha, shunday kunlarda haqiqiy doʻstlar, ishonchli sheriklar saralanadi. Barchaga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman.
Qardosh elning rishtalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirigʻi bilan qardosh Qirgʻiziston xalqiga yuborilgan insonparvarlik yordami temir yoʻl orqali shu yilning 1-aprelida Oʻsh shahriga yetkazildi.
Oʻzbekistondan jami 17 vagonda yuk olib kelindi. Jumladan, ming tonna un, 7 mingta himoya kiyimi, 7 mingta respirator, 20 ming juft qoʻlqop, 500 himoya koʻzoynagi, 200 pirometr Qirgʻiziston tomoniga topshirildi.
Edil OSMONBETOV,
Qirgʻiziston tashqi aloqalar va xavfsizlik kengashi hamraisi:
— Oʻzbekistonning ogʻir vaziyatda koʻrsatgan yordamini qirgʻiz xalqi olqishlaydi. Ushbu olijanob qadam mintaqaviy hamkorlik, integratsiya va oʻzaro munosabatlarni yaxshilashga intilayotgan mutlaqo boshqa Markaziy Osiyoni koʻrayotganimizdan dalolat beradi. Bu, ishonch va tushunish muhitidir.
Koronavirus pandemiyasi davrida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Oʻzbekiston barcha muammolarni hal qilish uchun har tomonlama oʻrnak boʻlmoqda. Qirgʻiziston va Oʻzbekiston munosabatlari esa oʻzaro ishonch darajasiga koʻtarilgani muhim ahamiyatga ega.
Gumanitar yordam kelajakda yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro manfaatli munosabatlar va strategik hamkorlikni yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bakit BAKETAYEV,
siyosatshunos va jamoat arbobi:
— Qardosh Oʻzbekiston koʻp asrlik qoʻshnisiga doʻstlik qoʻllarini uzatdi. Qirgʻiziston xalqi yana bir bor ikki davlat oʻrtasidagi qardoshlik va strategik sheriklik rishtalari bundan-da mustahkamlash boʻlishiga ishonadi.
Koronavirus pandemiyasi davrida qirgʻiz xalqiga koʻrsatilayotgan gumanitar yordam ikki tomonlama oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish zarurligining yaqqol tasdigʻi boʻladi.
Pandemiya paytida Prezident Shavkat Mirziyoyev sharqona insonparvarlik namunasi va donoligini namoyish etdi. Bu koʻpchilik uchun oʻrnak boʻlishi kerak.
“Oʻzbekiston koʻmagini har bir afgʻon fuqarosi chuqur his qiladi”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq, koronavirus tarqalishining oldini olishda koʻmak berish maqsadida shu yilning 3-aprelida Afgʻonistonga insonparvarlik yordami joʻnatildi.
Afgʻoniston favqulodda vaziyatlar boʻyicha davlat vaziri N.Fahimning aytishicha, Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish, mamlakat iqtisodiyoti va infratuzilmasini tiklashdagi roli yuqori.
— Haqiqiy doʻst qiyin paytda bilinadi, deb bejiz aytilmaydi. Bu ibora bugun yana bir karra oʻz isbotini topdi, — deydi vazir N.Fahim. — Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga tinchlik-omonlik, salomatlik tilaymiz.
Balx viloyati gubernatori I.Raxguzarning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston qardosh davlat sifatida Afgʻonistonda boʻlayotgan jarayonlarga befarq emasligini har bir afgʻon fuqarosi chuqur his qiladi.
“Oʻzbekiston COVID-19 davrida Markaziy Osiyo diplomatiyasida yetakchilik qilmoqda”
Ayni shu sarlavhada “The Diplomat” xalqaro ixtisoslashgan nashrida eʼlon qilingan maqolada pandemiya davrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro munosabatlardagi tashabbuslari eʼtirof etiladi.
Maqola muallifi, jurnal bosh muharriri Ketrin Putsning fikricha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosati ushbu vaziyatda strategik jihatdan muloqot va hamkorlik uchun samarali hisoblanadi. Oʻzbekiston rahbarining hamkorlikka sodiqlik, ayniqsa, Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash va ushbu jarayonlarga Afgʻonistonni jalb qilishdagi intilishlari uning oʻziga xos tutumiga chizgilardir.
Putsning soʻzlariga koʻra, Afgʻoniston ushbu mintaqada COVID-19 infeksiyasi bilan eng ogʻir zararlanishi mumkin boʻlgan hudud boʻlib, epidemiyaga qarshi oʻz kuchlari bilan kurasha olishi dargumon. Bunga mamlakatda fuqarolar urushining uzoq yillar davom etgani, qiyin siyosiy va iqtisodiy vaziyat hukm surayotgani sabab. “Shu bois Oʻzbekiston tomonidan Afgʻonistonga insonparvarlik yordamining joʻnatilgani muhim va oʻz vaqtida amalga oshirildi”, deydi u.
“Haqiqiy doʻst boshga tashvish tushganda bilinarkan”
Mamlakatimizning Vengriya xalqiga koʻrsatgan insonparvarlik yordami Yevropa hamjamiyati tomonidan ham chuqur hurmat bilan kutib olindi. Vengriya hukumati vakillari bunday koʻmak uchun oʻz minnatdorchiligini yashirib oʻtirmadi.
Peter SIYYARTO, Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri:
— Sogʻliqni saqlash sohasida aholi salomatligini asrashdagi muhim vosita zarur himoya vositalariga ega boʻlish hisoblanadi. Shu maqsadda biz bir qancha davlatlarga yordam soʻrab murojaat qildik.
Xitoy, Turkiya va Oʻzbekiston bizga yordam qoʻlini choʻzdi. Oʻzbekiston hukumati Vengriyaga 150 ming tibbiy niqob va boshqa himoya vositalari yetkazib berdi. Buning uchun Oʻzbekiston hukumatiga koʻrsatgan yordami uchun minnatdorlik izhor etaman. Haqiqiy doʻst boshga tashvish tushganda bilinar ekan.
Azaliy rishtalar va yaxshi qoʻshnichilik yoʻli
Joriy yilning 9-aprel kuni Oʻzbekiston Tojikistonga dori-darmon, oziq-ovqat mahsulotlari boʻlgan 18 ta temiryoʻl vagonini joʻnatdi. Prezidentimiz topshirigʻi bilan 8-may kuni sakkiz nafar oʻzbekistonlik virusolog va 10 tonna tibbiy asbob-uskunalar, shu jumladan, 10 ta oʻpkani sunʼiy ventilyatsiya qilish apparati Dushanbega yuborildi.
— Oʻzbekiston hukumati mamlakatda koronavirusga chalinish bilan bogʻliq birinchi holat aniqlangan kundan boshlab, kasallik tarqalishining oldini olish boʻyicha tezkor va qatʼiy choralarni koʻrdi, — deydi Tojikiston Milliy fanlar akademiyasining Osiyo va Yevropa mamlakatlari instituti katta ilmiy xodimi Viktor Kim. — Shuningdek, Oʻzbekiston oʻzining tashqi siyosiy tutumi va Tojikiston bilan doʻstona aloqalarni mustahkamlash gʻoyalariga sodiq qolmoqda.
— Taqdim etilgan tibbiy buyumlar shifokorlarning COVID-19ga qarshi kurashishlarida asqatadi, — dedi Tojikiston siyosatshunoslar milliy assotsiatsiyasi raisi Abdugʻani Mamadazimov. — Qardosh Oʻzbekiston tomonidan yuborilgan insonparvarlik yordami mamlakatimizda milliy sogʻliqni saqlash tizimi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyoda pandemiya tarqalishiga qarshi birgalikda kurashishda yordam beradi.
Bularning barchasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda pandemiyani toʻxtatishga va shu bilan birga, dunyoda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashishga alohida eʼtibor qaratayotganidan dalolat.
Omonulla FAYZIYEV
(“Xalq soʻzi”) tayyorladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring