Ezgu maqsad sari intilishning mukofoti
Foto: “Xalq soʻzi”
Bundan 8 yil muqaddam turmush oʻrtogʻi vafot etgach, uch nafar yosh farzandi bilan yolgʻiz qolgan va turmush qiyinchiliklariga duch kelgan Xurshida Egamberdiyeva bugungi kunda hayotning ravon yoʻliga tushib oldi.

Kecha yaqinda kunbaymi, mavsumlimi, qanday boʻlmasin, roʻzgʻor uchun pul topish ilinjida mehnat qilib yurgan ayol endi oʻquv markazi rahbari. Uni bu darajaga yetkazgan, avvalo, oʻzidagi maqsad sari qatʼiyatlilik va albatta, roʻzgʻor tashvishlaridan ortib Yoshlar ishlari agentligining “Ibrat farzandlari” loyihasida faol ishtirok etgani boʻldi.

Boyovut tumanining Sarmish mahallasida yashayotgan Xurshida Egamberdiyeva ayni loyiha tufayli ingliz tili boʻyicha bilimini mukammallashtirib, boshqalarga ham oʻrgatish layoqatiga ega boʻldi. Natijada oʻz mahallasidagi bolalar uchun oʻquv markazi tashkil etdi. Tashabbusi koʻpchilikning eʼtiboriga tushdi.

— Rosti, intilishimiz, natijalarimiz yaxshiyu, oʻquv sharoitimiz oddiy, uni yaxshilashga hali moliyaviy qurbimiz yetmay turgan edi, — deydi Xurshida Egamberdiyeva. — Ishlarimdan xabar topgan viloyat hokimi yaqinda xonadonimizga kelib, faoliyatimiz va sharoitlarimiz bilan tanishdi. Oradan hech qancha vaqt oʻtmay,viloyat hokimligining koʻmagi bilan xonadonimizdagi qurilishi yakunlanmagan yordamchi binomiz mukammal taʼmirlanib, oʻquv markaziga aylantirildi. Bugun oʻquv markazimizda birinchi dars mashgʻulotlari boʻlib oʻtdi. Uning ochilishida ishtirok etgan viloyatimiz hokimi “Yoshlar ulgʻayib qaysi kasbni egallamasin, chet tilidan maʼlum koʻnikmalarga ega boʻlishlari zarur. Dizayner, servis xodimi, sotuvchi yoki kichik biznes egasi boʻladimi — har qanday sohada koʻp tilni bilish uning yuqori professional mutaxassis boʻlish borasidagi maqsadlariga erishishida muhim oʻrin tutadi. Xurshidaning tashabbusi shu hududdagi yoshlarning ayni maqsadlariga yetishiga, yaʼni ingliz va boshqa tillarni oʻrganishga boʻlgan qiziqishlarini rivojlantirishga xizmat qiladi,” deb menga katta ishonch bildirdi.
Viloyat hokimligi oʻquv markazi binosini kiroyi qilib qurib bergan boʻlsa, Yoshlar ishlari agentligi uni kompyuter jamlamalaridan tortib, televizorlaru pardasigacha, toʻkis-tugal jihozlab berdi. Natijada avval 40 ga yaqin bolaga ingliz tili oʻrgatilgan boʻlsa, endi zamonaviy oʻquv markaziga aylantirilgan maskandagi 3 mahallik darslarda 230 nafar oʻquvchi ishtirok etish imkoniyati yaratildi.

Eʼtiborlisi, ingliz tilidan tashqari nemis va koreys tili, shuningdek, IT boʻyicha oʻquv kurslari ham tashkil qilindi. Turli sinfdagi oʻquvchilar qatorida markazda 3 yoshdan yuqori jajjilar ham oʻqitilayotgani tahsinga loyiq.
Eʼtirof etish lozimki, Xurshida Egamberdiyeva oʻz farzandlarining chuqur bilim olishi uchun oilasida oʻrnatgan tartibi ham ibratli. Uning aytishicha, oilasida oʻqilgan kitoblarning hisobi yuritilar ekan. Ushbu roʻyxatga har bir kitobdan kerakli iqtiboslarni, maʼlumotlarni ham ilova qilib yozib borishar ekan. Oila aʼzolarining bugungacha oʻqigan adabiyotlari soni 2002 taga yetibdi.

Shu bilan birga, oila kitobxonlar tanlovida ham faol ishtirok etib kelayotir. Xurshida Egamberdiyevaning “Farzandlarim uchun” deya nomlangan daftarlarida esa bolalarining bilimi va dunyoqarashini oshirishga xizmat qiladigan minglab maʼlumotlar bor.
Hozirgacha u toʻldirgan bunday daftarlar miqdori 80 ta. Yana bir muhim jihat,oila aʼzolarining qatʼiy kun tartibi boʻlib, har birining aniq rejasi tuzib boriladi. Albatta, ushbu rejaning asosiy bandlari oʻqish-oʻrganish bilan bogʻliq vazifalardan iborat.
Ayni paytda Xurshida Egamberdiyevaning oʻz xonadonida ochilgan zamonaviy oʻquv markazi faoliyati ham ana shunday namunali ish rejasi asosida olib boriladi, albatta.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring