Yevropa va Amerika avtomobil gigantlari “Tesla” bilan jiddiy raqobatga kirishmoqda
Foto: Reuters
Elektromobillar ishlab chiqarish uchun “Volvo” 1,1, “General Motors” 6,6 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritadi.
“Volvo Cars” kelasi bir necha yil ichida butunlay elektromobillar ishlab chiqarishga oʻtish uchun Gyoteburgdagi zavodiga 1,1 milliard dollar sarmoya kiritadi.
Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, yangi texnologiyalar va ishlab chiqarish jarayonlari joriy qilinadi va akkumulyatorlar yigʻish tashkil qilinadi.
“Volvo” 2025-yilga borib sotiladigan avtomobillarning 50 foizini, 2030-yilga kelib esa 100 foizi elektromobillar tashkil etadi.
Shu maqsadda 2021-yilda kompaniya akkumulyator ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Nortvolt tadqiqot va ishlanmalar markazini tashkil etish va Gyoteburgda akkumulyator zavodini qurishni eʼlon qildi. Potensial ishlab chiqarish quvvatini 2026-yilda yiliga 50 gigavatt-soat darajasiga yetkazish rejalashtirilgan. Mazkur yoʻnalishga jami boʻlib 3,3 milliard dollar sarmoya yoʻnaltirilmoqda.
Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilari Yevropa Ittifoqining 2035-yildan boshlab yangi ichki yonuv dvigatelli transport vositalarini sotishni taqiqlashi rejalashtirilgani munosabati bilan mazkur yoʻnalishga katta qiziqish bildirmoqda.
Ayni paytda Yevropa va Amerika avtomobil gigantlari “Tesla“ bilan raqobatlashishga ham intilmoqda. Eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilardan biri ”General Motors" elektr pikaplar ishlab chiqarishni koʻpaytirish va yangi akkumulyator zavodini qurish uchun 6,6 milliard dollar sarflaydi. Kompaniya “Tesla”dan oʻzib ketishni va 2025-yilga borib yiliga bir milliontagacha elektromobil ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring