Yevropa Ittifoqi Rossiya va Belorusdan import qilinadigan gʻalla uchun boj joriy etishga tayyorlanmoqda
Arxiv surat
Yevropa Ittifoqi Rossiya va Belarusdan import qilinadigan gʻallaga boj joriy etish niyatida. Bu haqda «Financial Times» nashri oʻz manbalariga tayanib xabar bermoqda.
«Yevropa Ittifoqi fermerlarni va baʼzi aʼzo davlatlarni tinchlantirish uchun Rossiya va Belarusdan gʻalla importiga bojlar joriy etishga tayyorlanmoqda. Yevropa Komissiyasi yaqin kunlarda bir tonna gʻalla uchun 95 yevro miqdorida boj joriy etishi kutilmoqda», — deyiladi xabarda.
Nashrning manbalariga koʻra, bunday qadam narxlarning kamida 50 foizga oshishiga olib keladi. Qayd etilganidek, moyli ekinlar va ularni qayta ishlash mahsulotlariga ham bojlar joriy etiladi.
«RIA Novosti» oʻtgan hafta Rossiya va Yevropa statistikasini tahlil qilib, 2023-yil oxirida Rossiya qishloq xoʻjaligi eksportidagi Yevropa Ittifoqi ulushi yetti foizdan pastga tushgani haqida xulosaga keldi. Bu Rossiya yetkazib berishni 14 foizga — 2,9 milliard dollargacha qisqartirishi tufayli sodir boʻldi. Shu bilan birga, Rossiya qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini boshqa mamlakatlarga sotish, aksincha, 6 foizga oshib, 40,1 milliard dollarni tashkil etgan.
Yevropada fermerlarning noroziliklari bir necha yillardan beri davom etmoqda. Bu ilk bor 2019-yilda Gollandiyada «yashil» tartibga solishning kuchaytirilishi fonida boʻlib oʻtgandi.
2023-yilda norozilik namoyishlari boshqa mamlakatlarga tarqalib, yil oxiriga kelib ular 12 davlatni qamrab oldi. «Yashil» kun tartibidan tashqari, fermerlar Ukraina tovarlari, qimmat oʻgʻit va yoqilgʻi importi hamda byudjet mablagʻlari yetarli emasligi sababli oʻz mahsulotlarining arzonligidan norozilik bildirishmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring