Yevroosiyo konchilik fanlari akademiyasi haqida eshitganmisiz?  

10:53 15 Noyabr 2021 Jamiyat
623 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Ushbu akademiyaga 2018 yilda Qozog‘istonning Nursulton shahrida asos solingan bo‘lib, uni taʼsis etishda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Rossiya, Ukraina va Belarus Respublikasi vakillari tashabbus ko‘rsatgan edi.

O‘shanda konchilik sohasidagi ilmiy izlanish va innovatsion yangiliklarni almashish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan ushbu Akademiyaning  har ikki yilda bir marotaba Konchilik kongressini chaqirish belgilanib, o‘tgan yili uning ilk anjumaniga O‘zbekiston mezbonlik qilishi lozim edi. Biroq pandemiya tufayli Kongressni o‘tkazish muddati biroz ortga surilgan bo‘lsa-da, unga  aʼzo mamlakatlarning konchilik sohasidagi yetuk  olimlari bir qator xalqaro anjumanlarda o‘z ilmiy izlanish va ishlanmalari bilan  Yevroosiyo konchilik fanlari akademiyasi nomidan ishtirok etdilar.

Shunday qilib, Yevroosiyo konchilik fanlari akademiyasining I kongressi joriy yilning 11-12 noyabr kunlari  Navoiy davlat konchilik institutida bo‘lib o‘tdi.  Unda mamlakatimizning konchilik sohasi  olimlari bilan birga  Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston,  Belarus, Rossiya va Mo‘g‘uliston davlatlaridan tarmoq ekspertlari hamda yetakchi mutaxassislar oflayn va onlayn tarzda qatnashdi.

– O‘zbekiston va Qozog‘iston mintaqada oltin va uran zaxiralariga boy mamlakatlar hisoblanadi, - deydi Qozog‘iston Fanlar akademiyasi akademigi, D.Kunayev nomidagi Konchilik ishi instituti direktori Nikolay Buktikov. – Zaxira hali qo‘lda, naqd degani emas. Misol uchun, oltin qazib olishda O‘zbekiston, uran ishlab chiqarishda Qozog‘iston Osiyoda yetakchilik qiladi. Shu jihatdan yondashadigan bo‘lsak, bir-birimizdan o‘rganadigan, tajriba almashadigan mavzular nihoyatda ko‘p. Albatta, bu o‘z-o‘zidan ishlab chiqarish integratsiyasiga ham o‘zining  ijobiy taʼsirini ko‘rsatadi. Kongressda ishtirokchilar beshta seksiyaga bo‘linib, geotexnologiya va mineral xomashyolarni qayta ishlash, fizika-kimyo texnologiyasi, mashinasozlik, konchilik sohalari bo‘yicha yuzga yaqin ilmiy maʼruzalarni muhokama qildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер