Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik oliy taʼlim sohasiga qanday taʼsir koʻrsatadi?

12:24 19 Aprel 2020 Siyosat
1367 0

Integratsiya – globallashuv davridagi tabiiy jarayondir. Barcha davlatlar oʻz milliy manfaatlari nuqtayi nazaridan muayyan integratsiyaga intiladi. Oʻzbekiston ham boshqa davlatlar singari, bu jarayonlardan chetda qolib ketishi mumkin emas.

Prezidentimiz oʻz murojaatnomasida integratsiya masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Bugungi kun tartibimizda uchta katta tashkilot bilan integratsiyalashuv masalasi bor. Bular – Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Jahon savdo tashkiloti, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik va sheriklik toʻgʻrisidagi yangi bitimni tuzish.

Hozirgi kunda turli soha vakillari tomonidan Oʻzbekistonni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi masalalari qizgʻin muhokama qilinmoqda. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qanday maqomda aʼzo boʻlish, aʼzolikning ijobiy va salbiy tomonlari yuzasidan mutaxassislar tomonidan oʻrganishlar olib borilmoqda. Oliy Majlisning fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi ham Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik taʼlim sohasida qanday oʻzgarishlarga olib kelishi yuzasidan oʻrganishlar olib borilmoqda. Jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo boʻlishing oliy taʼlim tizimi boʻyicha qoʻyidagi masalalar koʻrib chiqildi:

Birinchidan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo boʻlgan davlatlarining fuqarolari uchun kontrakt miqdori qancha etib belgilangan?

Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasalarida barcha xorijiy fuqarolar uchun toʻlov-kontrakt miqdorlari bir xil miqdorda belgilangan. Bu jarayonda “Yevroosiy iqtisodiy ittifoqi davlatlari” yoki “ittifoqqa aʼzo boʻlmagan davlatlar” tushunchalari mavjud emas. Bu miqdor taʼlim sohalariga qarab, bakalavriat boʻyicha 20 mln.soʻmdan 33,6 mln. soʻmgacha; magistratura boʻyicha 22 mln. soʻmdan 37 mln. soʻmgacha belgilangan.

Bugungi kunda mamlakatimizning oliy taʼlim muassasalarida qoʻshni respublikalardan asosan Turkmanistonlik talabalar katta miqdorni tashkil qiladi.

Ikkinchidan, hozirgi kunda Oʻzbekistonda qoʻshni davlatlar tomonidan berilgan diplomlar tan olinadimi va aksincha Oʻzbekiston tomonidan berilgan diplom qoʻshni davlatlarda tan olinadimi?

Oʻzbekiston Respublikasida xorijda olingan (oliy) maʼlumot olganlik haqidagi har qanday hujjatlar tegishli tartibda nostrifikatsiya qilinadi. Faqat nostrifikatsiya jarayonida maxsus imtihonni topshirish yoki imtihonsiz shaklarda amalga oshiriladi. Imtihonsiz shakllar bular: 1- Oʻzbekiston hukumati bilan muayyan xorijiy davlat hukumati oʻrtasida oliy maʼlumot olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni oʻzaro tan olish boʻyicha bitimlar mavjud boʻlsa; 2- Xorijiy universitetlarining “TOP-1000” reytingiga kirgan oliy taʼlim muassasalari tomonidan berilgan oliy maʼlumot olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar; 3- Tegishli davlat organlari (vazirlik, idora va tashkilotlar)ning tavsiyasi bilan xorijiy davlatlarga oʻqishga yuborilgan Oʻzbekiston fuqarolarining oliy maʼlumot olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlari.

Boshqa holatlarda barcha xorijiy davlatlar oliy taʼlim muassasalaridan olingan hujjatlar nostrifikatsiyadan, yaʼni maxsus imtihon asosida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalari tomonidan berilgan oliy maʼlumot olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarning xorijda tan olinishi muayyan davlatning ichki siyosatiga bogʻliq.

Uchinchidan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo boʻlish oliy taʼlim tizimi boʻyicha ijobiy va salbiy fikrlar qanday?

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga mamlakatimizning aʼzo boʻlishi oliy taʼlim tizimida ham muayyan muammolar tugʻdiradi. Bizda taʼlimga, jumladan oliy taʼlimga faqatgina davlat siyosati sifatida yondashilgan. Taʼlim – bu davlat siyosati, ayni paytda taʼlim xizmati hamdir. Shu nuqtayi nazardan oliy taʼlim tizimida xususiy sektorga yoʻl berilmadi, vaholanki, 1997-yilda qabul qilingan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunda xususiy taʼlim muassasalari faoliyatiga ham tegishli huquqlar nazarda tutilgan edi. Biz bu masalada yoppasiga taqiqlash tamoyili asosida ish koʻrib, oliy taʼlimda xususiy sektor imkoniyatlarini boy berdik, oʻtgan davr mobaynida bu soha qanchalar rivojlangan va boy tajriba toʻplangan boʻlar edi.

Hozirgi sharoitda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo boʻlish natijasida xorijdan juda arzon va raqobatbardosh taʼlim xizmatlari kirib keladi. Ularning abituriyent qamrovi hozirgi mamlakatimizda oliy taʼlim tizimimizning qamrovidan bir necha barobar koʻp boʻladi, va bu tabiiy hol. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi oʻz nomi bilan iqtisodiy ittifoqdir, unga alohida shartlar bilan, masalan oliy taʼlim tizimi bunday hamkorlikdan holi boʻlishi kerak, degan qarashlar inkor etilishi mumkin.

Mamlakatimizning oliy taʼlim tizimi haqiqiy bozor munosabatlariga moslashishi uchun kamida 5 yil muddat kerak. Unda ham davlat tomonidan qator iqtisodiy imtiyozlar berilishi talab etiladi. Aks holda jahon standartlariga javob beradigan kadrlar tayyorlash mumkin emas.

Muxtor IBRAGIMOV,

Muhammad VALIYEV,

Fan, taʼlim, madaniyat va

sport masalalari qoʻmitasi

aʼzolari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер