Evakuatsiyada tugʻilgan chaqaloqlarning biriga Murod, yana biriga Shodiyona deb ism qoʻyildi
“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Davlat xizmatlari markazlari xodimlari Sirdaryodagi suv ombori toshqinidan zarar koʻrgan Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalla aholisi orasida tugʻilganlik hamda nikoh guvohnomalari yoʻqolgan fuqarolarning murojaatlarini oʻrganishni davom ettirmoqdalar.
Shu bilan birga DXAning Sirdaryo viloyati boshqarmasi, tuman- shahar davlat xizmatlari markazlari xodimlari barcha oʻrganish bosqichlaridan oʻtib, tayyor boʻlgan guvohnomalarni egalariga topshirishmoqda va qayta tiklangan hujjatlar hech qanday toʻlovlarsiz rasmiylashtirilmoqda.Xususan, bugungacha 90 tasi tugʻilganlik, 69 ta nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomalar berildi.
— Buni qarangki, sardobalik chaqaloq Sayxunobodda dunyoga keldi, — deydi DXA Sirdaryo viloyati boshqarmasi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar shoʻbasi mutaxassisi Dilfuza Jarbekova. — Sayxunliklar bir emas, qoʻshaloq oilaning quvonchiga sherik boʻldilar. Baxmalsoy mahallasiga joylashtirilgan Primqul va Gulmira Risbayevlar oilasida tugʻilgan chaqaloqqa yaxshi niyatlar bilan Murodjon deb ism qoʻyishdi. Tumanning Gulbuloq mahallasiga Mirzaobod tumanidan evakuatsiya qilingan Dilshod va Maftuna Bekkeldiyevalar oilasida esa jajjigina qizaloq dunyoga keldi. Yangi mehmonga har birimiz kunimiz shodliklar bilan oʻtsin deya Shodiyona deb ism qoʻyishdi. Sayxunobod tumani FHDYO boʻlimi mudiri Dilfuza Shamsiyeva chaqaloqlarning ota-onalariga tugʻilganlik haqidagi guvohnomalarni topshirdi.
Sardoba tumanidagi 6-maktab binosiga joylashtirilgan fuqarolar Otabek va Dilrabo Iminovalar oilasida tugʻilgan chaqaloqqa esa Davrbek deb ism qoʻyishdi va Sardoba tumani FHDYO boʻlimi mudiri Mohira Mahmudova tomonidan tugʻilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirilib berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring