Yetishtirgan asalimizda hamqishloqlarning ham haqi bor — Nazira Roʻziyeva
Foto: “Xalq soʻzi”
Buxoro tumanidagi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yigʻini Rabot qishlogʻida yashovchi Nazira Roʻziyeva bundan oʻn besh yilcha muqaddam tirikchilik vajidan sovuq oʻlkalarga borib ishlagan, musofirchilik mashaqqatlarini koʻrgan yurtdoshlarimizdan. U kunlar zahmatkash bu ayol uchun allaqachon oʻtmishga aylanib ulgurdi.
— Qishloqda shart-sharoitlar yaxshilanayotgani, oilalarga subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratilayotgani, ishlab, roʻzgʻorimga, el-yurtga naf keltiraman deganni mahalla qoʻllab-quvvatlayotganini koʻrib, eshitib koʻnglim yorishdi, — deya eslaydi u. — Uyga, bolalarimning bagʻriga qaytdim. 10 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit olib, 9 ta asalari oilasi sotib oldim. Bu ish menga begona emas. Bir paytlar otam, qolaversa qaynotam ham asalarichilik bilan shugʻullanishgan, ularga koʻmaklashganman. Salomatligi tufayli uyda oʻtirib qolgan turmush oʻrtogʻim, bolalarimning yordami tegayapti. Bilasiz, asal, asalarining ona suti, propolisi — salomatlik uchun bebaho neʼmat sanaladi. Asalariga chaqtirish orqali shifo topgan bemorlar haqida ham eshitgansiz, albatta. Oilamda ming bir dardga shifo shu asal sharofati bilan butun dunyoni tahlikaga solgan pandemiya davri ham bexavotir oʻtdi.
Ish oʻngidan kela boshlagach, N. Roʻziyeva mahalla koʻmagida bankdan yana imtiyozli kredit oldi. Astoydil qilingan mehnat ortidan asalari oilasi avvaliga 90 taga, ikki-uch yil oʻtgach esa 300 taga yetkazildi. Mahalla masʼullari bilan maslahatlashgan holda Nazira Yoʻldosheva “Ustoz-shogird” anʼanasini yoʻlga qoʻydi. Natijada mehnatga layoqatli aʼzolari boʻlgan 14 ta oilaning hovlisida asalari boqila boshladi. Endilikda Rabotning qay bir xonadoniga kirmang dasturxonda tandirda yopilgan non qatori asal ham turganini koʻrasiz.
— Nazira opani anchadan buyon yaxshi bilaman, — deydi viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Mehriniso Husainova. — Asalarichilik orqali roʻzgʻorini but qilayotgan bu ayolning xayrli ishlaridan xabardorman. U qoʻni-qoʻshnilariga asalarichilikni oʻrgatganidan tashqari, qishloqdoshlariga bir kilogrammdan bepul asal tarqatadi. Sababini soʻrasangiz, “Asalari — oʻta mehnatkash. Nafaqat hovlimizdagi, balki qishloqdoshlarimning ham gulzorlari, bahorda qiygʻos gullagan oʻrik-u olmazorlaridan nektar yigʻadi. Demak, men olgan asalda qishloqdoshlarimning ham haqlari bor”, deydi u.
Aytmoqchi, Nazira Yoʻldosheva asalari uyalarining bir qismini xohish-istakdan kelib chiqib, qishloqdoshlari hovlisiga eltib qoʻygan. Mabodo, qutida asalarilar koʻpayishib, onaboshi ikkita boʻlsa, bagʻrikeng, tanti bu ayol ularning birini shu xonadonga tuhfa sifatida qoldiradi.
Balki, bu oiladan qut-baraka arimayotgani sababi ham shundadir.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring