Eʼtibordan qalblar shod boʻldi

19:45 21 Oktyabr 2022 Jamiyat
685 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, ayni jarayonda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish ishlariga ustuvor eʼtibor qaratib kelinmoqda. Xuddi shunday xayr-saxovat tadbirlari Fargʻona viloyatining Oltiariq tumani mahalla fuqarolar yigʻinlarida boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi raisi Dilshodbek Usmanov bir guruh mahalla faollari, tegishli mutasaddilar bilan birga tumandagi “Navbahor” MFYda istiqomat qiluvchi ikkinchi guruh nogironi Mashrab Mirzarahimov xonadonida boʻldi. Unga “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan nogironlik aravasi va oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

«Yangiarab» MFYda yashovchi birinchi guruh nogironi Muhriddin Homidov, bir necha yildirki, toʻshakka mixlangan. Onasi “Ayollar daftari”da turadi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi ijtimoiy himoyaga muhtoj bu oilaga ham nogironlik aravasi va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdi.

— Saxovatli kishilar bor boʻlsin, — deydi “Joʻrak” MFYda istiqomat qilayotgan Shahzoda Dadaxonova. — Qoʻldan kelgancha yordam koʻrsatishmoqda. Bugun nogironlik aravasi sovgʻa qilishdi, holimizdan boxabar boʻlib, kam-koʻstimiz bilan qiziqishdi. Baʼzan bir ogʻiz dalda, kichkina madad ham kishiga kuch, qalbiga yorugʻlik olib kirarkan. Barchasi uchun minnatdormiz.

Shu kuni “Uzumchi” MFYda umrguzaronlik qilayotgan “Temir daftar”da turuvchi Murodjon Qoʻshaqov oilasiga ham oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Fargʻona viloyat boʻlim boshqaruvi rahbari Bahodirjon Yulbarsovning maʼlum qilishicha, joriy yilning toʻqqiz oyida viloyatda nogiron, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga 13ta nogironlik aravasi yetkazib berildi. 58 nafar fuqaro bandligini taʼminlash maqsadida umumiy qiymati 23 mln. soʻm boʻlgan zamonaviy tikuv va maishiy texnika vositalari tarqatildi. Shuningdek, 655 nafar fuqaroga 75 mln. soʻmlik kundalik isteʼmol mahsulotlari berilib, 312 nafariga 262 mln. soʻmdan ortiq moddiy yordam koʻrsatildi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер