Eʼtibor va ragʻbatning hayotbaxsh qudrati
Foto: president.uz
Oʻzbekiston xalq ustasi, «Usta Yusufjon naqqosh» oilaviy korxonasi rahbari Muhammadali Yunusov Qoʻqon xalq amaliy sanʼati rivojiga salmoqli hissa qoʻshib kelayotgan hunarmandlardan.
Ota-bobolaridan meros anʼanani izchil davom ettirayotgan usta oʻtgan yillar davomida Fargʻona vodiysi, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz singari shaharlarda tarixiy-madaniy yodgorliklarni taʼmirlash, yangi inshootlar barpo etishda shogirdlari bilan ishtirok etdi. Oilaviy korxona hunarmandlari Oʻzbekistonning Xitoy Xalq Respublikasi, Ukrainadagi elchixonalarini milliy uslubda bezatish ishlarini ham qoyilmaqom uddalashgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatiga tashrifi doirasida Oltiariq tumanidan soʻng Furqat tumanida boʻlib, «Usta Yusufjon naqqosh» oilaviy korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
— Qoʻl mehnati orqali sanʼat darajasiga koʻtariladigan har bir ishimiz, agar taʼbir joiz boʻlsa, qalbimizga koʻchgan obidalardir, — deydi Muhammadali Yunusov. — Muhtaram Prezidentimiz eʼtibor va gʻamxoʻrligi tufayli milliy hunarmandchiligimiz jadal rivojlanyapti.
Bugungi yuzma-yuz muloqotda ham davlatimiz rahbari qadri abad qadriyat sifatida eʼzozlanadigan ushbu hunarni avaylab-asrash, bu borada tajriba va mahorat maktabi yaratish taklifini ilgari surgani meni va shogirdlarimni behad mamnun etdi. Eʼtibor va ragʻbatning hayotbaxsh qudrati bizni yanada gʻayrat-shijoat bilan mehnat qilishga undaydi.
Yangi bunyod etilgan ushbu zamonaviy majmua nafaqat yoshlarga hunar oʻrgatuvchi markaz, balki Fargʻona viloyatining sayyohlik salohiyatini namoyon etuvchi turistik marshrutlar roʻyxatiga kiritilishiga ham ishonamiz.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring