Ertoshsoyda mehmon uylari soni 85 taga yetdi
Maʼlumki, Ohangaron tumani oʻziga xos tabiati, iqlim sharoiti, qolaversa, muqaddas qadamjolari bilan nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik sayyohlarning ham sevimli manziliga aylanyapti.
Qurama va Chotqol togʻ tizmalari, Ohangaron daryosining har bir fasldagi goʻzal manzaralari barchani hayratga solishi tabiiydir.
Prezidentimizning 2022-yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan tumanda turizm xizmatlarini rivojlantirish, mehmonxona, umumiy ovqatlanish hamda transport xizmatlarini rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlar qilinmoqda.
Mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan tuman aholisi oʻz oʻzini band qilish borasida boshqalarga ancha oʻrnak koʻrsatmoqda. Ayniqsa, Ertoshsoy va Ovjazsoy qishloqlariga “turizm qishlogʻi” maqomi berilganidan soʻng hududda sayyohlarga xizmat koʻrsatish hajmi ortdi.
Xususan, Ertoshsoy qishlogʻida yana 20 ta oilaviy mehmon uyi va bitta “Mustafo” dam olish maskani faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 30 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Shu munosabat bilan Toshkent viloyati turizm boshqarmasi tomonidan oilaviy tadbirkorlarga faoliyatini boshlash uchun maxsus guvohnomalar berildi. Viloyat hokimi oʻrinbosari Jamshid Bobojonov tadbirkorlarning kelgusi ishlariga rivoj tilab, oʻzining tavsiyalarini berdi. Endilikda mazkur qishloqda mehmon uylarining soni 85 taga yetdi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, 2022-yilda bu qishloqqa olib keluvchi 11 kilometr yoʻl asfalt qilindi. Tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi. sayyohlar uchun otda sayr, yoʻl tanlamas transport vositalari bilan Arashan bulogʻiga sayohat, hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash kabi 5 xil xizmat yoʻlga qoʻyildi. Natijada bir kunda Ertoshsoyga 1200 -1300 nafar mahalliy va xorijlik sayyohlar kelmoqda.
Kelgusida belgilangan davlat dasturlari asosida tumandagi turizm manzillarining mavjud infratuzilmasini yaxshilash choralari koʻriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring