Eron Hoʻrmuz boʻgʻozi ochilganini eʼlon qildi

23:14 17 Aprel 2026 Dunyo
106 0

Eron Hoʻrmuz boʻgʻozini oʻt ochishni toʻxtatish davri tugagunga qadar barcha tijorat kemalari uchun ochdi. Bu haqda Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi maʼlum qildi.

“Livandagi oʻt ochishni toʻxtatish tartibiga muvofiq, Hoʻrmuz boʻgʻozi orqali barcha tijorat kemalarining oʻtishi sulh amal qiladigan qolgan davr uchun toʻliq ochiq deb eʼlon qilinadi”, — deb yozdi u X ijtimoiy tarmogʻida.

Aroqchining qayd etishicha, kemalar Eron Portlar va dengizchilik tashkiloti tomonidan avvalroq maʼlum qilingan “kelishilgan yoʻnalish” boʻylab harakatlanishlari mumkin.

Fevral oyi oxirida harbiy harakatlar boshlanganidan beri Eron boʻgʻoz yopilganini eʼlon qilgan va Islom Respublikasi rasmiylarining ruxsatisiz u yerdan oʻtishga uringan tankerlarga dron hamda raketalar bilan zarba bera boshlagan edi.

Oʻtgan hafta AQSH va Eron ikki haftalik sulh eʼlon qilgandi. Amerika yetakchisi Donald Tramp Hoʻrmuz boʻgʻozining zudlik bilan ochilishini kelishuv sharti sifatida koʻrsatgan, biroq bu amalga oshmagan edi. Bunga javoban AQSH Eron portlariga kemalar kirishini bloklashini maʼlum qilgandi.

Sulh tuzilganiga qaramay, Isroil “Hizbulloh” harakati joylashgan Livanga zarba berishda davom etdi. AQSH rasmiylari oʻt ochishni toʻxtatish tartibi Livanga taalluqli emasligini taʼkidlagan edi.

Toshkent vaqti bilan 17-aprelga oʻtar kechasi Livanda Isroil bilan 10 kunlik sulh rejimi kuchga kirdi. Bu boradagi kelishuvga Livan Prezidenti Jozef Aun va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu oʻrtasida Amerika yetakchisi Donald Tramp vositachiligida erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?