Eron dronlari Qiziltepada ishlab chiqariladi
Foto: Xalq so‘zi
Qiziltepa tumani hokimi, senator Ulugʻbek Fayziyev Eron Islom Respublikasining “Sabz vacuum” kompaniyasi vakili M.Haji Amirxanini qabul qildi.
Uchrashuvda eronlik tadbirkor qishloq xoʻjaligidagi kamchiqim innovatsion loyiha — yerlarni oʻgʻitlash va defoliatsiya ishlarini dron orqali amalga oshirish va ushbu maxsus dronlarni hududda toʻliqligicha qismlar asosida ishlab chiqarib, yigʻishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi.
Tomonlar mazkur taklif asosida ishlashga kelishib olishdi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, eronlik investorlar viloyatning turli hududlarida istiqbolli loyihalarga sarmoya kiritib, yaratilayotgan imkoniyatlardan keng foydalanishmoqda. Xususan, oʻtgan yili ular Xatirchida pista xandon yetishtirishi yoʻlga qoʻyishgan boʻlsalar, ayni kunlarda viloyatning yana bir tumani Konimexda zamonaviy va innovatsion uslublarini joriy etgan holda baliq mahsulotlari ishlab chiqarishning hajmlarini oshirishga xizmat qiluvchi loyiha boʻyicha tuman hokimi Ruslan Roʻziyev qabulida boʻlishdi.
Uchrashuvda eronlik investor M.Molikiyning Konimex tumanida manfaatli hamkorlik doirasida baliqchilik sohasini rivojlantirish taklifi qoʻllab-quvvatlandi. Tez kunlarda Shoʻrkoʻl va Aydarkoʻl suv havzalaridan joy ajratib berilishi boʻyicha kelishib olindi.
Baliq chavoqlari hamda ozuqa bazasini yaratish masalasi ham tumanning oʻzida hal etiladigan boʻldi. Ushbu kelishuv asosida yangi tashkil etilayotgan baliqchilik klasteri nafaqat aholining ushbu mahsulotga boʻlgan ehtiyojini qanoatlantirish, balki chekka hududlarda ish oʻrinlari yaratilishi bilan ham muhim ijtimoiy ahamiyatga ega.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring