Erkingizni qoʻldan boy bermang...

21:49 01 May 2020 Siyosat
886 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar yangi tahrirdagi “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.

Inson huquq va erkinliklarini qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, qiyin vaziyatga tushib qolgan, bilib, bilmay “odam savdosi”, degan jirkanchli illat qurboniga aylangan, odam savdosiga duchor boʻlib, erkini qoʻldan bergan fuqarolarning qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilish ustuvor ahamiyatga ega masalalardan sanaladi.

Shuni hisobga olgan holda deputatlar mazkur hujjat muhokamasiga oʻta jiddiy yondashdilar.

Xoʻsh, qonun loyihasida qanday asosiy qoidalar nazarda tutilmoqda?

Xalq vakillarining qayd etishicha, unda, eng avvalo, odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi muhim tamoyillar belgilanib, asosiy tushunchalarga aniq taʼriflar berilmoqda. Bu, oʻz navbatida, odam
savdosi bilan shugʻullanuvchilarni jinoiy taʼqib etish, shuningdek, odam
savdosidan jabrlanganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda qonuniy asoslar boʻlib xizmat qiladi.

Milliy qonunchiligimizda ilgari boʻlmagan odam savdosi
jabrdiydalarini identifikatsiya qilish va ularni qayta yoʻnaltirish
tushunchalari alohida bobda aks etayotgani, shuningdek, voyaga yetmaganlar savdosining oldini olishning muhim jihatlari mazkur hujjatda aniq belgilanayotgani ham eʼtiborga molik.

Parlament aʼzolari ushbu hujjatning qabul qilinishi odam savdosi jabrdiydalari boʻlgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bu borada davlat organlarining tashabbuskorligini oshirish, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi boshchiligida vakolatli organlarning oʻzaro hamkorligini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidlashdi. Eng muhimi, odam savdosiga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida xolis va toʻgʻri maʼlumotlarni keng jamoatchilik hamda xalqaro hamjamiyatga yetkazishga koʻmaklashadi.

Muhokamalar chogʻida deputatlar qonun loyihasini yana-da takomillashtirish yuzasidan oʻz fikrlarini bildirishdi. Fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar inobatga olingan holda, qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер