Erkatoyning erkaligi uzoqqa choʻzilmadi
Xabaringiz bor, joriy yilning 11-noyabr kunidan 2025-yilning 2-yanvar kuniga qadar yurtimizda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi har qanday holatlarga qarshi kurashish, targʻibot tadbirlari samaradorligini oshirishga qaratilgan “Xavfsiz hudud — dolzarb 50 kun” profilaktik tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Bu borada Surxondaryo viloyatida, xususan, Termiz shahrida ham huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Maxsus profilaktik tadbir doirasida oʻtkazilgan tungi reyd vaqtida “Tracker” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilganda uni voyaga yetmagan yigit hech qanday hujjatsiz boshqarayotgani, ustiga-ustak, yuridik shaxsga tegishli boʻlgan avtomobilda yigitcha bir nechta qizlar bilan kechki sayrga chiqqani aniqlandi. Erkatoyning erkaligi uzoqqa choʻzilmadi. Unga nisbatan qonunchilikka asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylandi.
Tadbir davomida transport vositasini davlat raqam belgisini oʻzboshimchalik bilan yechib boshqarish, maxsus ovoz chiqaruvchi moslama oʻrnatilganlik, tegishli ruxsatnomasiz transport vositasi oynalarining tusini oʻzgartish (qoraytirish), “qidiruv”da boʻlgan, tegishli hujjatlarsiz va haydovchilik huquqiga ega boʻlmay boshqarilgan transport vositalari aniqlanib, belgilangan tartibda bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Tungi reydlarning oʻtkazilishidan asosiy maqsad kechasi sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlar va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi tinchligini taʼminlashdan iborat.
“Xavfsiz hudud — dolzarb 50 kun” profilaktik tadbirlari doirasida oʻtkazilayotgan “Noyabr — psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi birgalikda kurashamiz” aksiyasida Surxondaryo viloyati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari ham faol ishtirok etishmoqda. Xususan, giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir etuvchi moddalar taʼsiriga tushib qolmaslik, ularning noqonuniy aylanishiga qarshi birgalikda kurashishga chaqirish borasida targʻibot, tushuntirish tadbirlarini amalga oshirmoqda.
Jaloliddin ABDURAXMONOV,
Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB YPXB
1-safarbarlik guruhi YPX inspektori.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring