Yer munosabatlariga oid qanday yangiliklar koʻzda tutilyapti?
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yigʻilishida koʻrib chiqilgan dastlabki hujjat — “Yer toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi.
Mazkur qonun loyihasi yer uchastkalariga ijara munosabatlarining oʻziga xos xususiyatlarini aniq belgilash, jamoat va oʻzga ehtiyojlar uchun oʻzganing koʻchmas mulkidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Taklif etilayotgan loyihada ommaviy servitut faqatgina geologiya-suratga olish, qidirish, geodeziya va boshqa qidiruv ishlarini amalga oshirish, oʻzganing yer uchastkasidan umumiy foydalanishdagi elektr uzatish, aloqa liniyalari va truboprovodlar, irrigatsiya, muhandislik va boshqa liniyalar hamda tarmoqlar oʻtkazish va ulardan foydalanish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda litsenziya olgan yoki ushbu litsenziyani bergan tashkilotning iltimosiga asosan viloyat va Toshkent shahar hokimining qarori asosida belgilanishi taklif etilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan ommaviy servitutning barcha muhim shartlari hokim qarori bilan belgilanishiga qaramasdan tomonlarga oʻzaro kelishuv asosida yoki sud tartibida servitut shartlarini oʻzgartirish huquki, shuningdek, ijara huquqini auksion orqali sotib olgan shaxsga ijaraga beruvchining roziligi bilan oʻz ijara huquqini shartnomaning qolgan muddatiga boshqa shaxsga oʻtkazishga ruxsat berish koʻzda tutilmoqda.
— Yer resurslari mamlakatimiz aholisining turmush farovonligi, respublikamizning iqtisodiy salohiyati uchun moddiy neʼmat boʻlib, undan har qanday sharoitda oqilona, unumli foydalanishni tashkil etish mamlakat buguni va kelajagi uchun muhim omil hisoblanadi, — deydi Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi aʼzosi Islom Xushvaqtov. — Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi yer uchastkalari ijara turlarining oʻziga xos xususiyatlarini belgilagan holda, ularni garovga qoʻyish hamda ijara huquqini boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.
Yigʻilishda xalq vakillari tomonidan qonun loyihasining qabul qilinishi ushbu sohada koʻrilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi yanada oshirilishga xizmat qilishi qayd etilib, qonun loyihasi konseptual jihatdan qoʻllab-quvatlandi.
Yigʻilishda kun tartibiga kiritilgan boshqa qonun loyihalari ham atroflicha koʻrib chiqilib, fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring