Yer bilan bogʻliq qonunbuzilishlarga qanday barham berilmoqda?
Kadastr agentligi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan yer nazorati tadbirlari davomida yilning shu davriga qadar 832 ta holatda 82,61 gektar yer maydoni oʻzboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi. Modomiki, bunday qonunbuzilish holatlari hamon kuzatilayotgan ekan, ularning oldini olish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Ushbu savol bilan Kadastr agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Botir MIRZAAHMEDOVga yuzlandik.
-Yer va undan foydalanish tartiblari qonun bilan toʻliq tartibga solingan, -deydi B. Mirzaahmedov. –Biroq nazorat tadbirlari davomida koʻryapmizki, joylarda amaldagi tartiblarga koʻr-koʻrona munosabatda boʻlish koʻnikmasi hamon barham topmagan. Buning oldini olish uchun boshqarmamiz tomonidan doimiy nazorat ishlarini tashkil etish rejasi ishlab chiqilgan. Unga muvofiq haftaning har juma kuni «Yer qonunbuzilishlarining oldini olish va barvaqt aniqlash kuni» deb eʼlon qilingan. Shu kuni sohada olib borilayotgan ishlar tahlil etilib, galdagi vazifalar belgilanmoqda. Mavzu doirasida oʻquv seminarlari tashkil etilyapti. Ularda xodimlarning malakasi oshirib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining shu yil 21-fevraldagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan muntazam nazorat tadbirlari yoʻlga qoʻyilgan. Yilning toʻqqiz oyi davomida oʻzboshimchalik bilan yerni egallab olishga doir 832 holatning 538 tasi yer egalari tomonidan ixtiyoriy bartaraf etildi. 237 nafar fuqaro ishi boʻyicha sudga taqdimnoma kiritildi. Shuningdek, 173 ta holatda aniqlangan yer qonunbuzilish holatida jinoyat alomatlari mavjud boʻlgani bois huquqiy baho berish uchun prokuratura organlari bilan Agentligimiz tomonidan ishlab chiqilgan qoʻshma tartib asosida hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Natijada 32 tasiga jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qolgan qismida surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Sohaga yangi yoʻnalishlarning joriy etilishi ishimizni yanada jadallashtirishga zamin yaratyapti. Jumladan, Maʼmuriy amaliyot yoʻnalishi orqali yilning oʻtgan davrida yer bilan bogʻliq qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻygan 3 ming 822 nafar fuqaroga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik aniqlanib, ularning 2 ming 386 nafariga 7 mldr. 103 mln. soʻmdan ortiq miqdordagi jarima chorasi qoʻllanildi. Shuningdek, yuqoridagi qaror ijrosini taʼminlash maqsadida xalqaro standartlarga javob beradigan maxsus “E-yer nazorat” (ID) dasturi amaliyotga kiritildi. Uning asosiy maqsadi yerga aloqador qonunbuzilish holatlarini sodir etgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirishdan iboratdir. Tegishli yer maydoni, joylashgan manzili, qachon va qaysi qonun buzilgani, koʻrilgan choralar xususida sud, prokuratura, IIB, MIB va boshqa hamkor tashkilotlar bilan maʼlumotlar almashish imkoniyati yaratilib, hozirda ushbu dasturdan keng foydalanib kelinmoqda.
Aytish lozim, bu boradagi muammolarni bartaraf etishda qonuniy targʻibot va tushuntirish ishlarining samarasi juda katta. Shu bois aholiga yerdan foydalanish tartiblari yuzasidan murojaatlar, ogohlantirishlar berish bilan bir qatorda tushuntirish ishlarini ham olib bormoqdamiz. Buning uchun OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda mingdan ortiq chiqishlar qilgan boʻlsak, hududlarda fuqarolar bilan uchrashuvlar tashkil etib, ochiq muloqotlarda mavjud muammolar xususida fikrlashilmoqda.
Qars ikki qoʻldan chiqadi, deydilar. Yer bilan bogʻliq muammolarning oldini olishda, avvalo, fuqarolarning huquqiy bilimini shakllantirish maqsadga muvofiqdir. Agar insonlar oʻz haq-huquqlari bilan bir qatorda burch va majburiyatini ham yaxshi bilsa, yuqorida tilga olingan qonunbuzilish holatlariga aslo qoʻl urmaydi.
Saminjon HUSANOV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring