YEOII doirasida texnik jihatdan tartibga solish tashqi savdoni rivojlantirishga xizmat qiladi

16:30 28 Aprel 2020 Siyosat
1802 0

Xalqaro hamkorlikda integratsiyalashuv davlatlar iqtisodiyotini rivojlantirishdagi muhim jihat hisoblanadi. Erkin iqtisodiy hamkorlik doirasida xalqaro munosabatlar olib borayotgan Oʻzbekiston ham bu jarayonning bevosita ishtirokchisi boʻlib bormoqda.

Jahon iqtisodiyotidagi integratsion ittifoqlar va tashkilotlarga aʼzo boʻlishda, eng avvalo, aʼzolik davlat va xalq manfaatlariga qay darajada mos kelishini chuqur tahlil qilish muhim masala sanaladi. Shu maʼnoda, ayni kunlarda keng muhokama qilinayotgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik oʻrnatish masalasi va uning doirasida texnik jihatdan tartibga solishning tashqi savdoni rivojlantirishdagi ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtsak.

YEOIIni umumiy bozor, deb hisoblasak, unga aʼzo mamlakatlar oʻz iqtisodiy salohiyatining samaradorligi va oʻsishini oshirishdan manfaatdor boʻladi. Bunday aylanmadagi mahsulotlarning xavfsizligi texnik reglamentlarni qoʻllash orqali taʼminlanadi.

Bu nima uchun kerak? Avvalo, texnik reglamentlarni realizatsiya qilish vositalarini takomillashtirish mahsulot sifatini oshirishga hamda zamonaviy raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqilishini rivojlantirishga imkon beradi.

YEOII mamlakatlarida hozirgi paytda 48 ta texnik reglament amal qiladi. Ulardan 5 tasi Oʻzbekiston Respublikasining tegishli texnik reglamentlari bilan aynan oʻxshash talablarga ega, 14 ta texnik reglamentda farqlar mavjud, 28 ta reglamentga aynan oʻxshashi Oʻzbekistonda mavjud emas.

Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasida 44 ta texnik reglament qabul qilingan. Texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturiga muvofiq 2023-yilgacha yana 42 ta texnik reglament qabul qilinishi rejalashtirilgan boʻlib, ulardan 13 tasi 2020-yilda qabul qilinadi. Shu bois xalqaro meʼyor va qoidalar bilan uygʻunlashtirish maqsadida bugungi kunda amaldagi texnik reglamentlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Yangi texnik reglamentlar ishlab chiqilishida ham xalqaro talablar hisobga olinadi.

Mazkur chora-tadbirlar Oʻzbekistonda YEOII texnik reglamentlari meʼyorlarining bosqichma-bosqich qabul qilinishi va joriy etilishi korxonalarimizning iqtisodiy maydonda raqobatga tayyorligini oshiradi va uchinchi davlatlarning bozoriga chiqish imkoniyatini yaratadi.

Joriy yilda sanoat tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida qurilish materiallari boʻyicha 684 standart, elektrotexnik mahsulotlar boʻyicha 260 ta, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash sohasida 320 ta, toʻqimachilik va charm-poyabzal sanoatida 318 ta xalqaro standart qabul qilinishi koʻzda tutilgan.

Aʼzo davlatlar oʻz hududlarida YEOIIning texnik reglamentlari talablariga javob beradigan mahsulotlar, unga qoʻshimcha talablar qoʻymasdan va qoʻshimcha muvofiqlikni baholash protseduralarini oʻtkazmasdan aylanishini taʼminlaydi.

YEOIIda texnik reglamentlar yoki milliy majburiy talablar faqat Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan yagona roʻyxatga kiritilgan mahsulotning muayyan turiga nisbatan qoʻllaniladi. Ittifoqning barcha aʼzo davlatlarida reglamentlar kuchga kirgan paytdan boshlab tovar undan chiqarib tashlanadi.

Shunday qilib, YEOII doirasidagi texnik jihatdan tartibga solish ishtirokchi mamlakatlar oʻrtasida savdoni rivojlantirishning muhim vositasidir. Biroq Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida texnik jihatdan tartibga solish tizimining yaratilishi hali yakunlanmagan.

Aholining turmush darajasini va tashqi savdoni rivojlantirish darajasini oshirish uchun texnik jihatdan tartibga solish imkoniyatlaridan foydalanish, texnik jihatdan tartibga solish milliy standartlarini xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirish, tizimdagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida mahalliy biznesni xabardor qilishni rivojlantirish talab etiladi.

Ushbu chora-tadbirlarning barchasi texnik toʻsiqlarni minimallashtirishga va YEOII aʼzo mamlakatlari oʻrtasida savdo qilish uchun qulay sharoitlar yaratishga yordam beradi.

Avvalo, bu yangi eksport bozorlariga kirish imkonidir. Nisbatan arzon mahsulotni eksport qilib, Oʻzbekiston katta foyda olishi mumkin. Oʻzbekiston integratsion uyushmaga kirishida milliy meʼyorlarini, shu tashkilot talablari bilan unifikatsiya qiladi. Bu esa tadbirkorlarimizga katta imkoniyatlar beradi.

Texnik reglament va standart talablarini uygʻunlashtirish orqali chegaralardagi tekshirishlar soni ahamiyatli darajada kamayadi va mos ravishda eksport qiluvchilarimizning moliyaviy va vaqtga oid sarflari qisqaradi.

Muvofiqlikni baholashning deklaratsiya qilish kabi moslashuvchan shakllariga bosqichma-bosqich oʻtish mamlakatimizning investitsiya jihatdan jozibadorligini oshiradi.

Shuningdek, yagona talablarga oʻtish ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida raqobat oshishiga olib keladi, bu esa, oʻz navbatida, eng avvalo, isteʼmolchi uchun foydalidir.

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер