Eng olijanob ishga o‘z hayotini bag‘ishlaganlar

11:36 15 Noyabr 2021 Jamiyat
644 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlangan tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan Termiz shahrida o‘tkazilgan tantanali tadbirda viloyatdagi davolash-profilaktika muassasalarida mehnat qilayotgan shifokorlar, o‘rta tibbiyot xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Bayram tadbirida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Qayd etilganidek, tinchlik va sog‘liq – bu har bir inson, butun aholimiz uchun hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan buyuk neʼmat. Faqat sog‘lom inson va xalq mislsiz ishlarga qodir bo‘ladi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda tibbiyot sohasini isloh qilish ishlari yangi bosqichga olib chiqildi. Jumladan, 2019-2025 yillarda Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinib, izchil hayotga tatbiq etilayotgani aholi salomatligini muhofazalash, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohada ilg‘or amaliyotlarni joriy etish imkonini bermoqda.

Birgina Surxondaryo viloyatida joriy yilda  69 ta tibbiyot muassasasining faoliyati kengaytirilib, mavjud xususiy muassasalar soni 286 taga yetkazildi. 12 ta oilaviy shifokorlik punkti va 1 ta oilaviy poliklinika tashkil etildi. Yil yakuniga qadar yana 14 ta xususiy tibbiyot muassasasi ochilishi kutilmoqda.

Viloyat kardiologiya markaziga 7,1 mlrd. so‘mlik 10 turdagi tibbiy asbob-uskunalar olib kelindi, Aritmologik kompleks tizimi yaratildi va yurakning murakkab aritmiyalarini xirurgik yo‘l bilan davolash yo‘lga qo‘yildi. Markazda akademik V. Voxidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi yetuk mutaxassislari bilan hamkorlikda  25 nafar bemorda koronarografiya tekshiruvi o‘tkazildi hamda yurak toj tomirlariga stentlash amaliyoti o‘tkazildi. Bu jarayonni viloyatda uzluksiz davom ettirish maqsadida 3 nafar surxondaryolik mutaxassis Rossiya davlatida va 8 nafar o‘rta tibbiyot xodimi Respublika kardiologiya markazida malaka oshirib keldi.

Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Surxondaryo filialiga 590,0 ming. dollarlik gamma-terapevtik radioterapiya apparati olib kelinib, bemorlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Viloyat perinatal markazi va 5 ta hududiy perinatal markaz 1,4 mln. dollarlik,  viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga 2,1 mln. dollarlik zamonaviy apparatlar keltirildi.

Ixtisoslashgan malakali tibbiy xizmatlarni tumanlarda ham yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish borasidagi ishlar ko‘lami kengayib borayotgani eʼtirofga loyiq.

Tibbiyot xodimlari bayrami munosabati bu yil davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanganlar orasida 4 nafar surxondaryolik ham bor. Viloyat hokimi ana shu mukofot egalariga, shuningdek, ko‘p yillik samarali mehnati uchun bir guruh soha xodimlariga esdalik sovg‘alari topshirdi.

Tibbiyot sohasi xodimlari sharaflangan bayram tadbirida sanʼat ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi namoyish etildi.

Ilhom RAHMATOV, "Xalq so‘zi".

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер