Eng koʻrkam mahallalar roʻyxati tuzilsa...
Mabodo, yurtimizda keyingi bir yilda koʻrkam qiyofaga kirib, chiroy ochgan manzillar roʻyxati tuzilsa Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi Koʻliodina mahallasi old qatorni egallashi tayin. Bunday deyishimiz bejiz emas.
— Ortda qolgan bir yil ichida hududimizda katta oʻzgarishlar yuz berdi, — deydi mahalla raisi Sanʼat Avezova. — Qishloqlarimizda “Obod xonadon, obod koʻcha, obod mahalla” tamoyili asosida keng qamrovli bunyodkorlik ishlari bajarildi. Yoʻllar ravon boʻldi. Aholini gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi bilan uzluksiz taʼminlashga qaratilgan loyihalar amalga oshirildi. Ijtimoiy soha obyektlari taʼmirlandi. Yangi maktabgacha taʼlim tashkiloti ish boshladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan aholiga yaratilayotgan bu qulayliklar fuqarolarimizning oʻz hayotlaridan rozi boʻlib yashashlarida poydevor vazifasini oʻtayapti.

Yaqinda mahallaning zamonaviy binosi ham barpo etilib foydalanishga topshirildi. Qoʻsh qavatli bu inshoot 1 milliard 203 million soʻm miqdoridagi mablagʻ evaziga qad rostladi. Bu yerda murojaatchilar hamda mahalla “yettiligi” uchun zarur barcha qulayliklar muhayyo etilgan. Binoda tadbirkor Nargiza Boltayeva tomonidan tikuvchilik sexi faoliyati ham yoʻlga qoʻyilib, yigirma nafardan ziyod xotin-qizning bandligi taʼminlandi.
Maʼlumotlarga qaraganda, viloyatda faoliyat yuritayotgan 544 ta mahalla fuqarolar yigʻinining 98 tasi oʻz binosiga ega emas. Viloyat hokimligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar tomonidan bu mahallalarga bosqichma-bosqich maʼmuriy binolar qurib berish koʻzda tutilgan.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring