“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan yil oxiriga qadar o‘n bitta investitsiyaviy loyiha amalga oshiriladi
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatida investitsiyaviy loyihalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Xalq so‘zi online“ga jamiyat matbuot xizmati xabar qildi.
Bugungi kunda gidroelektr stansiyalarda yiliga 7 mlrd. kVt soat atrofida elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Bu respublikamizda hosil qilinadigan energiyaning atigi 13 foizini tashkil etadi, xolos. Yig‘ilishda ushbu ko‘rsatkich juda past ekanligi qayd etilib, yaqin uch yilda 12 ta yirik, o‘rta va kichik GES qurish evaziga uni 16 foizga yetkazish zarurligi aytib o‘tildi.
Ta’kidlash kerakki, “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi 36 ta GESning 18 tasi tez orada modernizatsiya qilinishi zarur.Chunki ulardagi uskunalar allaqachon eskirib bo‘lgan. Bu borada Prezidentimizning 2018 yil 3 fevraldagi “2018 yil uchun investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida aniq vazifalar belgilab berilgan. Unga muvofiq, joriy yilda umumiy qiymati 354,8 mln. AQSH dollarga teng bo‘lgan o‘n bitta yirik investitsiyaviy loyiha amalga oshiriladi. Ularni moliyalashtirish uchun 205,6 mln. AQSH dollarilik chet el kreditlari jalb etilsa, qolgan qismi jamiyatning o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Yig‘ilish so‘ngida “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2018 yilda investitsiyaviy loyihalarni o‘z vaqtida izchil amalga oshirish, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish borasida mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, hamkor idoralar hamda mutasaddi banklar bilan o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini samarali tashkil etish yuzasidan kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring