Energetika vazirligi mart oyi uchun gaz isteʼmoli meʼyorlarini tushuntirdi
Avvalroq, Oʻzbekistonning barcha hududlarida isitish mavsumi uchun belgilangan 500 kub metr hajmidagi tabiiy gaz isteʼmolining bazaviy meʼyori 15-martga qadar uzaytirilgani haqida xabar berilgan edi.
Energetika vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, 16-martdan 31-martga qadar aholi qoʻshimcha 50 kub metr tabiiy gaz uchun bazaviy tarif boʻyicha toʻlov qilishi mumkin boʻladi.
Oʻzgidromet maʼlumotlariga koʻra, 16–20-mart kunlari Oʻzbekiston hududida havo harorati koʻtarilishi kutilmoqda: kunduzi +22 darajagacha, kechasi +10 darajagacha.
“Shu munosabat bilan, 16-martdan boshlab 1-noyabrga qadar tabiiy gaz isteʼmolining bazaviy meʼyori — oyiga 100 kub metrgacha (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1-oktyabrgacha) etib belgilanadi”, — deyiladi xabarda.
Energetika vazirligining qayd etishicha, isitish davrida amal qilgan 500 kub metrlik oylik bazaviy meʼyor oyning birinchi yarmiga (1–15-mart) mutanosib ravishda taqsimlanganda 250 kub metrni tashkil etadi. Oyning ikkinchi yarmi (16–31-mart) uchun amal qiluvchi 100 kub metrlik oylik bazaviy meʼyor esa mutanosib ravishda 50 kub metrni tashkil etadi.
Shunga koʻra, isteʼmolchilar ushbu 50 kub metr gaz uchun ham bazaviy meʼyor doirasida — 1 800 soʻm emas, balki 1 000 soʻmdan toʻlov qiladilar.
Prezident qarorlariga muvofiq, muhtoj oilalarga davlat tomonidan har oy foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun kompensatsiya beriladi.
Kompensatsiya miqdori quyidagicha:
Elektr energiyasi uchun: bazaviy meʼyordan tashqari 150 kVt·soatgacha (oyiga 200 kVt·soatdan keyin);
Tabiiy gaz uchun: qish oylarida — bazaviy meʼyordan tashqari 250 kub metrgacha, boshqa oylarda — 150 kub metrgacha.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring